70 kilogrammga yaqin narkotik modda ushlab qolindi
Surxondaryo viloyatidagi “Sariosiyo” chegara bojxona postida mamlakatimizga kirib kelgan va hujjatlarda “bo‘sh”, deb ko‘rsatilgan yuk avtotransport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilganda, afsuski, “bo‘sh” emasligi aniqlandi.
Bojxona xodimlari va Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida avtotransport vositasi chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgach, uning kabinasidagi ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlarga 66 ta o‘ram modda yashirilgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur o‘ramlar ochib ko‘rilganda ularning 30 tasida 31,9 kilogramm og‘irlikda “geroin”, 36 tasida 37,3 kilogramm og‘irlikdagi “gashish” giyohvandlik vositasi joylangani fosh etildi.

Ushbu holatda jami ushlanib qolingan giyohvandlik vositalarining og‘irligi o‘rami bilan hisoblaganda 69,2 kilogrammni tashkil etdi. Shunday qilib, bojxonachilar yirik miqdordagi giyohvandlik vositasining mamlakatimizga yashirin usullar bilan olib kirilishiga bo‘lgan navbatdagi urinishga chek qo‘ydi.
Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasidan O‘zAga xabar qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri