690 milliard so‘mlik yirik dastur minglab yurtdoshlarimiz xonadoniga quvonch olib kiradi
Munosabat
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida, hech shubhasiz, inson, uning huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini ulug‘lash tamoyili mustahkam o‘rin olgan. Shu bois, so‘nggi o‘n yillikda xalqni rozi qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Ayniqsa, xalqimizning asriy qadriyatlari, ezgu tuyg‘ulari va olijanob fazilatlarini o‘zida mujassam etgan muborak Qurbon hayiti arafasida bunday ezgu ishlar yangicha mazmun va keng ko‘lam kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishishi buning yorqin isboti bo‘ldi. Bu tashabbus nafaqat bayram arafasidagi xayrli tadbir, balki davlatimizning ijtimoiy adolat va insonparvarlik g‘oyalariga sodiqligining amaliy ifodasidir.

Mazkur taqdimotda sohaga mas’ul bo‘lgan qator idoralar, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ishlab chiqilgan keng qamrovli va manzilli takliflar tinglandi.
Bu jarayonda davlat organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorligi, ijtimoiy sheriklik mexanizmlari to‘liq safarbar etilgani diqqatga sazovordir. Eng muhimi, mazkur chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 690 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu ulkan raqam ortida minglab yurtdoshlarimizning dardiga malham bo‘lish, ularning hayotiga quvonch olib kirishdek olijanob maqsad mujassam.
Inson salomatligini tiklash, ayniqsa, kelajagimiz bo‘lmish farzandlarimiz sog‘lom ulg‘ayishini ta’minlash ushbu dasturning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Endilikda, belgilangan chora-tadbirlar doirasida tibbiyot sohasida misli ko‘rilmagan xayriya va davolash ishlari amalga oshiriladi.
Xususan, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. Shuningdek, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, ularni davolash va zarur jarrohlik amaliyotlari xarajatlari qoplanadi. Kamida 350 nafar bemorda yuqori texnologik va murakkab hisoblangan jigar hamda buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlari to‘liq davlat va jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi. Shubhasiz, eng og‘ir dardlarga chalingan bemorlarga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik minglab oilalarga umid va hayotbaxsh kuch bag‘ishlaydi.
Yangi O‘zbekistonda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida voyaga yetkazish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash tizimli tus olgan. Muborak Qurbon hayiti kunlarida bu borada ham alohida quvonchli tashabbusga qo‘l urilmoqda.
Jumladan, 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish, yurtimiz tinchligi yo‘lida mardlarcha qurbon bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot organlari xodimlarining farzandlari alohida e’tiborga olinadi. Ularning har biri uchun ochilgan omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladigan bo‘ldi.
Taqdimotda belgilangan vazifalarga ko‘ra, yurtimizdagi 500 ta masjidda namozxonlar va ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar quriladi, rekonstruksiya qilinadi yoki tubdan ta’mirlanadi. Shu bilan birga, joylardagi qabristonlar va qadamjolar obod qilinadi.
Mahallabay ishlash tizimi doirasida davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning xonadonlariga yo‘qlovlar uyushtirilib, ularga kundalik zarur oziq-ovqat to‘plamlari yetkazib beriladi. Bayram kunlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozish, ziyoratgohlar va diniy ta’lim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bularning barchasi jamiyatimizda “hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” degan ulug‘ g‘oyaning amaldagi ifodasidir.
Davlatimiz rahbari taqdimot davomida ushbu keng ko‘lamli xayrli ishlarning tashkiliy jihatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Prezidentimiz ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, bemorlarni davolash va bolalarga ko‘mak ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha tadbirlar qat’iy shaffoflik va manzillilik asosida tashkil etilishi zarurligini qat’iy ta’kidladi.
Eng muhimi, ushbu tashabbuslar O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” g‘oyasi hamda Saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalar bilan to‘liq hamohang ekanligi kishini quvontiradi. Mazkur xayrli tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi partiyaning jamiyatda keskin tabaqalanishga yo‘l qo‘ymaslik, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari va nogironligi bo‘lgan shaxslarni tizimli muhofaza qilish hamda davlat hisobidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasidagi qat’iy pozitsiyasi naqadar hayotiy va zarur ekanligini yana bir bor namoyon etdi.
Umuman olganda, Qurbon hayiti arafasida rejalashtirilayotgan bu ulkan ijtimoiy loyiha Yangi O‘zbekistonning insonparvarlik qiyofasini butun dunyoga yana bir bor namoyish etmoqda. Diniy va milliy qadriyatlarimiz davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotgani tahsinga loyiqdir.
Qolaversa, bu yirik dastur minglab oilalarga umid bag‘ishlab, bemor bolalarning sog‘ayib, hayotga kulib boqishi, yuzlab qadamjolarning obod bo‘lishiga zamin yaratadi. Bunday mehr-oqibat va hamjihatlik muhiti hukmron bo‘lgan yurtda esa doimo baraka, tinchlik va taraqqiyot bardavom bo‘laveradi.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi.
O‘zA