69 foiz o‘zbekistonlik besh kunlik dam olishdan mamnun bo‘lgan
Toshkent davlat yuridik universiteti Tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada jami 1577 nafar respondent ishtirok etdi. “Qurbon hayiti munosabati bilan berilgan ketma-ket 5 kunlik dam olish sizga qanday ta’sir qildi?” degan savolga respondentlarning 1087 nafari (69 foiz) ushbu davrni haqiqiy dam olish, ruhiy tiklanish, sayohat va ziyorat qilish hamda oila a’zolari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish imkoniyati sifatida baholagan.
So‘rov ishtirokchilarining 337 nafari (21 foiz) dam olish kunlari odatdagidek o‘tganini, sezilarli o‘zgarish bo‘lmaganini, ayrim hollarda esa xarajatlar oshganini qayd etgan. Qolgan 153 nafar respondent (10 foiz) esa kutilganidek dam ololmaganini, bayram kunlarida ham ishlaganini yoki yangi ish haftasi oldidan charchoq sezayotganini bildirgan.
Umuman olganda, so‘rov natijalari besh kunlik dam olish amaliyoti aksariyat fuqarolar tomonidan ijobiy qabul qilinganini ko‘rsatmoqda.
Dushanba kuni ketma-ket besh kunlik dam olishdan so‘ng mamlakatimizning 15,4 million iqtisodiy faol aholisi, jumladan 14,6 million nafar band fuqaro odatiy ish faoliyatiga qaytdi. Uzoq dam olishdan keyin odamlarning ishga qaytishi turlicha kechmoqda. Ayrimlar besh kunlik hordiqdan so‘ng o‘zini tetik, xushkayfiyat va yangi kuchga to‘lgan holda his qilsa, boshqalarda “ishga moslashish sindromi” (post-holiday blues) kuzatilib, odatiy ish ritmiga qayta moslashish biroz qiyin kechgan. Shu bois bugungi ish kuni kimlardir uchun yangi energiya bilan boshlangan bo‘lsa, boshqalar uchun dam olish kayfiyatidan mehnat muhitiga qaytish jarayoni sifatida kechmoqda.
O‘zbekistonda uzoq yillar davomida Qurbon hayiti asosan faqat bir kunlik rasmiy dam olish kuni sifatida nishonlangan. Xususan, 2012, 2013, 2014, 2015 va 2016-yillarda Prezident qarorlari bilan Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuni deb e’lon qilinar edi. Qo‘shimcha uzaytirilgan dam olish kunlari amaliyoti deyarli kuzatilmagan.
Masalan, 2012-yilda Qurbon hayiti 26-oktabr (juma), 2013-yilda 15-oktabr (seshanba), 2014-yilda 4-oktabr (shanba), 2015-yilda 24-sentabr (payshanba), 2016-yilda esa 12-sentabr (dushanba) kunlariga to‘g‘ri kelgan va faqat shu kun dam olish kuni etib belgilangan.
Joriy 2026-yilda esa mutlaqo o‘zgacha holat kuzatildi. Qurbon hayitining birinchi kuni 27-may (chorshanba) kuniga to‘g‘ri kelgani hamda Prezidentning 2025-yil 24-dekabrdagi tegishli farmoni bilan 28-29-may kunlari barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 30-may esa olti kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun dam kuni etib belgilangani sababli, 27-31-may kunlari ketma-ket besh kunlik dam olish tajribasi shakllandi.
Soddaroq qilib aytganda, o‘zbekistonliklar avvalgi yillarda Qurbon hayiti munosabati bilan yiliga 1 kun dam olgan bo‘lsa, 2026-yilda bir yo‘la ketma-ket 5 kun dam olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ya’ni, ilgari shunday davomiylikdagi dam olish uchun besh yil sarflangan bo‘lsa, bu safar fuqarolar undan bir yilning o‘zida foydalandi.
Dunyo davlatlarida uzoq dam olish kunlarini shakllantirishning turli modellari mavjud bo‘lib, ayrim mamlakatlarda bu tizim muntazam ravishda takrorlanadigan mexanizm sifatida yo‘lga qo‘yilgan.
Masalan, AQSHda bir qator federal bayramlar oldindan dushanba kunlariga to‘g‘rilangan bo‘lib, bu yil davomida bir necha marotaba kafolatlangan “long weekend”larni yaratadi. Jumladan, Martin Luther King Jr. Day, Presidents’ Day, Memorial Day va Labor Day kabi bayramlar doimiy ravishda dushanba kunlariga to‘g‘ri keladi. Natijada fuqarolar yil davomida muntazam ravishda uch kunlik dam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kolumbiya tajribasi yanada qiziqarli hisoblanadi. 1983-yildan buyon amal qiluvchi “Ley Emiliani” qonuniga muvofiq, diniy va fuqarolik bayramlarining aksariyati keyingi dushanba kuniga ko‘chiriladi. Natijada 2026-yilda mamlakatdagi 18 ta rasmiy bayramning 15 tasi avtomatik ravishda uch kunlik dam olishga aylangan.
Argentinada esa hukumat “tourist bridge” (turistik ko‘prik) kunlarini joriy etgan. Mazkur tizimga ko‘ra, bayram kunlari orasiga qo‘shimcha dam olish kunlari qo‘shilib, 4 kunlik dam olish shakllantiriladi. 2026-yilda hukumat tomonidan maxsus 3 ta “bridge day” belgilangan bo‘lib, ular uzoq dam olishlarning davriyligini oshirishga xizmat qiladi.
Xitoyda “Golden Week” tizimi mavjud bo‘lib, Xitoy Yangi yili va Milliy bayram haftasi davomida fuqarolar bir necha kunlik uzluksiz dam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yaponiyada “Golden Week” bir necha milliy bayramlarning ketma-ket kelishi natijasida shakllanadi.
Janubiy Koreyada esa Chuseok bayrami davrida bir necha kunlik uzluksiz dam olish an’anasi mavjud. Tailandda har yili 13-15-aprel kunlari nishonlanadigan Songkran bayrami davrida aholining faol harakati tufayli yo‘l-transport hodisalari keskin ko‘payadi. Shu sababli hukumat bu davrni rasmiy ravishda “7 xavfli kun” (Seven Dangerous Days) deb ataydi.
Umuman olganda, ta’tilning davomiyligi va davriyligi insonning kayfiyatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu tadqiqotlar bilan ham isbotlanganligini ko‘rish mumkin.
Xususan, 1-2 hafta davom etadigan ta’tillar stressni pasaytirish, farovonlikni oshirish va ruhiy charchash (burnout)ni kamaytirish bo‘yicha eng yuqori foyda bergan. Ta’til davriyligi bo‘yicha yiliga 3-4-marta dam olgan shaxslar eng past stress va hayotdan qoniqishning yuqori darajasini qayd etgan.
Eksperimental izlanishlar natijalariga ko‘ra, dam olishni oddiy dam sifatida emas, balki “ta’til rejimi” sifatida qabul qilish ijobiy hissiyotlarni oshiradi, salbiy emotsiyalarni kamaytiradi hamda ishga qaytganda qoniqish darajasini yuqori qiladi.
Boshqa bir tadqiqotda bayram va uzoq dam olish davrlari nafaqat ijobiy emotsiyalar, balki sezilarli darajada stress ham keltirib chiqarishi mumkinligi aytiladi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respondentlarning 62 foizi bayram davrida stress darajasi oshganini qayd etgan, faqat 10 foizida esa stress kuzatilmagan. Asosiy stress omillari sifatida moliyaviy bosim, oilaviy munosabatlar va kundalik sog‘lom odatlarning buzilishi ko‘rsatilgan.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Qurbon hayiti munosabati bilan berilgan ketma-ket besh kunlik dam olish fuqarolarning aksariyati tomonidan ijobiy qabul qilingan.
E’tiborli jihat shundaki, 2012-2016-yillarda Qurbon hayiti munosabati bilan asosan bir kunlik dam olish amaliyoti qo‘llanilgan bo‘lsa, 2026-yilda fuqarolarga ketma-ket besh kun dam olish imkoniyati yaratildi. Bu esa nafaqat bayramni munosib nishonlash, balki aholining hordiq chiqarishi, ichki harakatchanligi va oilaviy muloqotlari uchun kengroq sharoit yaratdi. Shuningdek, bunday hajmdagi dam olish kunlarini tashkil etish davlatning iqtisodiy, tashkiliy va ijtimoiy salohiyati ortib borayotganining ham amaliy ifodasi sifatida baholanishi mumkin.
Kelgusida uzoq muddatli dam olish kunlari ta’sirini faqat fuqarolarning kayfiyati nuqtai nazaridan emas, balki turizm, transport, savdo, xizmatlar sektori, oilaviy munosabatlar va mehnat unumdorligi kabi yo‘nalishlar kesimida ham o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tadqiqotlar uzoq dam olish kunlarining jamiyat va iqtisodiyot uchun haqiqiy samarasini yanada chuqurroq baholash imkonini beradi
Miryoqub Rahimov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Tadqiqot markazi rahbari,
Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
dotsent