6 nafar mahkum muddatidan oldin ozod qilindi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat Kitob tumani sudi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi sayyor sud majlisida tuman IIB boshlig‘ining bir guruh mahkumlarni muddatidan avval ozod qilish yuzasidan kiritilgan taqdimnomalari muhokama qilindi.
Albatta muddatidan avval ozod qilishga asos bo‘luvchi omillarning eng muhimi bu mahkumning jazoga nisbatan munosabatidir. Belgilangan cheklovlarga amal qilish, bandligining ta’minlanishi va mehnatga halol munosabatda bo‘lishi ularga nisbatan insonparvarlik dalolatnomasi qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini sud jarayonlari misolida kuzatish mumkin.

Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan javobgarlikka tortilgan mahkumlarning qay biri birinchi bor sudlanganini, tayinlangan jazo xulosa chiqarishlariga yetarli bo‘lganini bildirib, qonuniy yengillik so‘rashdi.
Taqdimnomalar yuzasidan bildirilgan xulosalar asosida sudya ularni qanoatlantirishni lozim topdi. Unga ko‘ra 6 nafar mahkum muddatidan avval ozod qilindi. O‘z o‘rnida ularga qayta jinoyat sodir qilishning oqibatlari xususida ham tushuntirishlar berib o‘tildi.
O‘lmas Baratov, O‘zA muxbiri