549 milliard so‘m qarzdorlik undirildi
MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi axborot xizmati o‘tayotgan yilning so‘nggi matbuot anjumanini Denov tumanida tashkil etdi.
Jurnalist va blogerlar ishtirok etgan anjumanda boshqarma boshlig‘i Jumanazar Jumaniyazov joriy yilning o‘n bir oyida amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlandiki, viloyatdagi davlat ijrochilari 129 mingdan ortiq davlat undiruvlari bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha 628,3 milliard so‘m mablag‘ undirdi. Jumladan, jinoyat oqibatida davlatga yetkazilgan zararlarni undirishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha 306 million so‘m, soliq qarzdorligini undirishga doir 16 ming 242 ta ijro hujjati bo‘yicha 549 milliard so‘m, jinoiy jarimalarni undirishga oid 261 ta ijro hujjati bo‘yicha 3 milliard 609 million so‘m undirildi. 84 mingga yaqin ma’muriy jarimalarni undirishga oid ijro hujjati bo‘yicha 40 milliard 196 million so‘m, davlat boji undiruviga oid 28 mingga yaqin ijro hujjati doirasida 34 milliard 364 million so‘m undiruvi amalga oshirildi.

MIB viloyat boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘limlari yakunlanayotgan yilda aliment va unga tenglashtirilgan to‘lovlar undiruvi bilan bog‘liq 30 ming 153 ta ijro hujjati bo‘yicha majburiy ijro harakatlarini olib borib, ularning 7 ming 43 tasini tugatdi. Ayni 23 ming 110 ta ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari davom etmoqda.
Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 168 milliard so‘m aliment pullari undirilib, aliment oluvchilarga oldindan to‘lov sifatida 4,2 milliard so‘m naqd pul undirib berildi. Aliment undiruviga doir ijro hujjatlari ijrosiga yangicha yondoshuv tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasiga ko‘ra, 64 milliard so‘m aliment pullari undiruvchilar nomiga ochilgan bank plastik kartalari orqali to‘lanishi ta’minlandi.
Boshqarmaning qidiruv shu’basi xodimlari olib borgan tadbirlar chog‘ida qidiruvda bo‘lgan 689 nafar qarzdordan 336 nafar aliment qarzdori topilib, ijro harakatlarini davom ettirish uchun davlat ijrochilariga topshirilgan. Qidiruvda bo‘lgan 353 nafar aliment to‘lovchining 144 nafari chet elda ekani aniqlanib, xalqaro qidirish uchun so‘rovnoma yuborilgan.

Uzoq muddatdan buyon aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelayotgan 765 nafar qarzdorning hujjatlari amaldagi qonunchilikka muvofiq ma’muriy chora ko‘rish uchun sudlarga taqdim etilib, qarzdorlikni bartaraf etmagan 538 nafariga ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan bo‘lsa, 69 nafariga MIB va 33 nafariga prokuratura organlari Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Matbuot anjumanida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” maxsus jamg‘armalariga o‘tkazib beriladigan undiruvlar bilan bog‘liq hujjatlar ijrosi, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan uy joylari, imoratlar, ishlab chiqarish binolari va boshqa inshootlar uchun kompensatsiya puli undiruvi bilan bog‘liq hujjatlari ijrosi, MIBning ixtisoslashtirilgan tumanlararo bo‘limi amalga oshirgan ishlar, murojaatlar ijrosi, xodimlar malakasini oshirish yuzasidan ham atroflicha ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri