500 ming so‘mlik yangi banknot haqidagi xabarlar rad etildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulug‘bek surati tushirilgan 500 ming so‘mlik yangi banknot muomalaga chiqarilishi haqida tarqalgan xabarlar asossiz ekani ma’lum qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ayrim internet sahifalari va ijtimoiy tarmoqlarda yangi yirik nominaldagi pul belgisi joriy etilishi haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Biroq regulyator mazkur ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
“Bugungi kunda yangi pul belgisini muomalaga chiqarish masalasi Markaziy bank tomonidan ko‘zda tutilmagan”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Shuningdek, fuqarolardan moliyaviy masalalarga oid xabarlarga ishonishdan avval faqat rasmiy manbalar orqali ma’lumotlarni tekshirish so‘raldi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA