5 tashabbus: sport yoshlarni birlashtiradi
Umumtaʼlim maktablarida yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishni oshirish boʻyicha Prezidentning 5 ta muhim tashabbusi ilgari surilgan edi.
Umumtaʼlim maktablarida yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishni oshirish boʻyicha Prezidentning 5 ta muhim tashabbusi ilgari surilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq taʼlimi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari hamkorligida tashabbuslarning ikkinchi yoʻnalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida oʻz qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumanida bu boradagi ishlar haqida maʼlumot berildi.
Ikkinchi yoʻnalish doirasida “Quvnoq startlar”, “Sport doim yutadi” musobaqasi, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish, mashhur sportchilar bilan maktab oʻquvchilarining uchrashuvlarini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Musobaqa 2019-yil noyabr-dekabr oylarida mamlakat miqyosida barcha tuman va shaharlardagi umumtaʼlim maktablarida oʻtkazilgan edi. Yakuniy bosqich barcha hududlarda joriy yilning mart oyida oʻtkaziladi.
Taʼkidlash lozimki, 5 ta muhim tashabbus amaliyoti joriy etilgan 42 tuman va shahardagi 183 umumtaʼlim muassasasida 2019-yil oktyabr oyida noanʼanaviy tarzda 5-8-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Quvnoq startlar” sport musobaqasi oʻtkazildi. Ushbu musobaqalarga jami 122 ming 74 oʻquvchi (61195 qiz) jalb etilib, 1 ming 806 nafari gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Maʼlum qilinishicha, jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommaviylashtirish maqsadida joriy yilning fevral-mart oylarida “5 tashabbus Navroʻzda” festivalini oʻtkazish belgilangan. Ushbu festival doirasida “Bolalar spartakiadasi” milliy va harakatli sport oʻyinlari oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
“Sport doim yutadi” musobaqasi chekish, alkogol mahsulotlari va giyohvandlik moddalarining isteʼmol qilinishiga qarshi kurashish maqsadida sportning futbol, shaxmat-shashka, basketbol, stol tennisi, armrestling turlari boʻyicha ommaviy sport musobaqalari oʻtkazishga qaratilgan. “Sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish” loyihasida sport va piyoda sayohatlar, marafonlar tashkil etiladi.
“Mashhur sportchilar bilan maktab oʻquvchilarining uchrashuvlarini tashkil etish” loyihasi doirasida maktab oʻquvchilari hamda mahalla yoshlarining sportga boʻlgan qiziqishini yana-da kuchaytirish, jismoniy tarbiya va sportga jalb etish maqsadida yuqori natijaga erishgan sportchilar maktablarga taklif etildi. Mahallalarda davra suhbatlari va uchrashuvlar oʻtkazildi.
Umumtaʼlim maktablarining sport inshootlarida soat 16:00 dan 21:00 ga qadar, shuningdek, dam olish kunlari esa ertalabdan kechga qadar 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar va mahalla aholisi mazkur sport inshootlarida shugʻullanmoqda.
Bundan tashqari, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, giyohvandlik, ichkilikbozlik, kashandalik kabi illatlarning oldini olishga, shuningdek, aholining keng qatlamini jismoniy tarbiya va sportga jalb etishga qaratilgan “Hokim kubogi” aksiyasi, “Yoshlar marafoni”, haftalik sport musobaqalari kabi tadbirlarni oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Yoshlar, xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish maqsadida mahalla, qishloq, istirohat bogʻlari, korxona hamda muassasalarda ertalabki ommaviy sport mashgʻulotlari oʻtkazib kelinmoqda.