45 hamshiraga 91 million so‘mdan ziyod ustama pullari to‘lab berildi
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” ezgu tamoyilini hayotdagi amaliy ifodasini ta’minlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, aholi murojaatlariga quloq tutish, ko‘p yillardan beri hal etilmayotgan muammo va masalalarni qonuniy hal etishga e’tibor qaratilmoqda.
Bunday jarayonlarda Namangan viloyati Adliya boshqarmalari, shahar, tuman adliya bo‘limlari ham faollik ko‘rsatib, fuqarolar murojaatlarini o‘rganib, qonuniy yechim topishda ko‘maklashmoqda.
Xususan, Uychi tumani maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 5- va 16-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida hamshira bo‘lib ishlovchi xodimlarga uzluksiz ish faoliyati 20 yildan ortiqni tashkil etganligi sababli ish beruvchi tomonidan 2021 yilda to‘lab berilmagan ustama haqlari undirib berishga erishildi. O‘rganishlar yakuniga ko‘ra, jami 45 nafar hamshiraga to‘lab berilmagan 91 million so‘mdan ortiq ustama pullari undirib berildi.
Mazkur tumanning Ezgulik mahallasida yashovchi Sanobar Muydinovaning uzoq yillar mahalla fuqarolar yig‘ini tizimida kotib, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchi vazifalarida faoliyat yuritganligi, biroq foydalanilmagan ta’til pullari ololmaganidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqildi. Buning natijasida, sobiq mahalla xodimasiga 7 056 000 so‘m ta’til pullari to‘lab berilishi ta’minlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA