41 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi
Sudlar faoliyati o‘rganilib, kamchilikka yo‘l qo‘yganlariga intizomiy javobgarlik choralari ko‘rish davom etmoqda.
O‘tgan yili 19 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan bo‘lsa, joriy yil birinchi choragida esa 22 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etildi.
O‘tgan yilda vakolat muddati tugagan 12 nafar sudya navbatdagi muddatga noloyiq, deb topilgan bo‘lsa, 2022 yilning birinchi choragida bu miqdor 4 nafarni tashkil etgan.
Bu raqamlar Sudyalar oliy kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etish kerakki, Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyati organi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishni ta’minlashga ko‘maklashadi.
Kengash o‘z vazifalaridan kelib chiqqan holda professional sudyalar korpusini shakllantirish, tizimni malakali, halol va pok kadrlar bilan to‘ldirish, kadrlar salohiyatini oshirish borasida izchil ishlarni amalga oshirmoqda.
Sudyalarni tayinlash, vakant lavozimlarni to‘ldirish bo‘yicha ochiq va oshkora tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Tanlovlar natijasida 2021 yilda 460 nafar sudyalik (umumiy nomzodlarning 70,4 foizi) lavozimiga tayinlandi. 2022 yilning 1-choragida 76 nafar
sudya lavozimga tayinlandi. (Joriy yil 25 mart holatiga sud tizimida vakant o‘rinlar soni 38 ta (2,9 foiz) tashkil etdi.
Respublika bo‘yicha sud tizimida sudyalik lavozimida ishlayotgan sudyalar soni ayni paytda 1 ming 292 nafarni tashkil etadi.
Sudyalar daxlsizligini ta’minlash, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish va kerakli choralar qo‘llash ham Sudyalar oliy kengashining ustuvor vazifasi hisoblanadi.
O‘tgan yilda odil sudlovga aralashish bilan bog‘liq to‘rt holat bo‘yicha xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, aniqlangan holatlar bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Bosh prokurorga o‘z vaqtida taqdimnomalar kiritildi.
Natijada aybdor shaxslarga nisbatan ikkita jinoyat ishi va ikkita ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Joriy yil birinchi choragida sudyalar daxlsizligi buzilishi va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashish bo‘yicha birorta holat qayd etilmagan.
Biroq, sudyalar daxlsizligiga ta’sir o‘tkazishi ehtimoli yuz bergan holatlar uchradi. Bu bo‘yicha Kengash matbuot xizmati tomonidan bayonotlar berilib, voqelikka munosabat bildirildi.
Tizimda korrupsiya holatlarining oldini olish va sudyalar daxlsizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kengash tashabbusi bilan pora olganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan sudya va oila a’zolarining iztirobi aks etgan «Pushaymon» nomli qisqa metrajli film suratga olinib, joylarga chiqqan holda barcha sudya va ularning turmush o‘rtoqlariga namoyish qilindi.
Korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirish maqsadida «Pora berma» nomli poster fuqarolar qabulxonalariga, «Pora olma» nomli buklet esa sudyalarning xizmat xonalariga joylashtirildi.
«Sudyaning ma’naviyati, odobi va mas’uliyati» nomli ma’rifiy kitob chop etilib, barcha sudyalarga bepul tarqatildi.
Bundan tashqari, sudyalikka nomzodlar va sudyalarning kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron psixologik test dasturi ishga tushirildi.
Sudyalar faoliyati samaradorligini ochiq va shaffof baholash bo‘yicha milliy elektron reyting baholash dasturi ishga tushirildi. Bunda sudya professionallik, malakalilik, intizomlilik, mas’uliyatlilik nuqtai nazaridan baholanadi.
Elektron reyting baholash dasturi ishga tushirilishi natijasida eng yuqori reyting - ballga ega bo‘lgan 16 nafar sudya «Ibratli sudya» mukofoti bilan taqdirlandi. Reyting ko‘rsatkichi past 42 nafar sudyaning malakasini oshirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilmoqda.
N.ABDURAIMOVA, O‘zA