35 yillikka — 35 bitiruvchi — 35 talaba!
Mustaqillikning 35 yilligi — Vatanimiz hayotidagi qutlug‘ sana. Ayni kunlarda yurtimizning barcha jabhalarida ushbu ulug‘ ayyomni munosib kutib olishga taraddud ko‘rilmoqda, erishilayotgan yutuqlar esa istiqlol yillarida bosib o‘tilgan sharafli yo‘lning munosib samaralari sifatida namoyon bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli qarorida ham mustaqillikning 35 yilligini Yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga munosib darajada nishonlash, mamlakatda erishilayotgan yutuqlarni keng yoritish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Ana shunday tarixiy sana arafasida har bir sohada qo‘lga kiritilayotgan natija bayram shukuhiga o‘zgacha mazmun bag‘ishlaydi. Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi jamoasi esa Mustaqilligimizning 35 yilligiga o‘zining munosib tuhfasini tayyorladi: 35 nafar bitiruvchi — 35 nafar talaba!
Bu raqamlar shunchaki sonlar emas. Ularda yosh avlodga yaratilayotgan imkoniyatlar, ustozlarning fidokorona mehnati, ota-onalarning ezgu umidi va eng muhimi, bilim sari dadil qadam qo‘yayotgan yoshlarning intilishlari mujassam.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining 2025–2026 o‘quv yilidagi 35 nafar bitiruvchisining barchasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bitiruvchilarning o‘rtacha natijasi 185,1 ballni tashkil etdi.
Ularning 25 nafari davlat granti asosida, 10 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilindi. Demak, ijod maktabi uchun bu yilgi natijaning o‘ziga xos formulasi tayyor: 35 yillikka — 35 bitiruvchi — 35 talaba!
Yoshlarning tanlagan ta’lim dargohlari ham e’tiborga molik. Ular Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Jizzax davlat pedagogika universiteti talabalari bo‘lishdi.

Bir qarashda, bu — 35 nafar yoshning oliy ta’limga kirgani haqidagi axborot. Ammo raqamlar zamiriga nazar tashlasak, uning ortida katta mehnat va yuksak ishonch borligini anglaymiz. Zero, har bir talaba — o‘z orzusi, maqsadi va kelajakka bo‘lgan umidi bilan yangi hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yosh avlod vakilidir.
Ijod maktabi muhiti esa bu intilishlarni yanada boyitadi. Bu yerda bilim bilan bir qatorda ijodiy tafakkur, mustaqil fikrlash, izlanish va o‘z qobiliyatini namoyon etishga keng yo‘l ochiladi. Endi mazkur fazilatlar oliy ta’lim dargohlarida yangi bilimlar, yangi tajribalar va yangi orzular bilan uyg‘unlashadi.
Mustaqillikning 35 yilligini munosib nishonlash konsepsiyasida yoshlarning bilim va kasb egallashi, ularning iste’dod va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida urg‘u berilgan. Shu ma’noda, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi bitiruvchilarining bugungi natijasi istiqlol bergan imkoniyatlarning yorqin ifodalaridan biridir.
Eng muhimi, bu natija yangi marralarning ibtidosi. Bugun talaba bo‘lgan 35 nafar yosh ertaga o‘z sohasining yetuk mutaxassisi, ilm-fan, ta’lim, madaniyat, iqtisodiyot, huquq, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan fidoyi insonlar bo‘lib yetishishiga ishonch bor.

Shu bois 35 yillikka — 35 bitiruvchi — 35 talaba! degan quvonchli raqamlar uyg‘unligi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining Istiqlol bayramiga munosib tuhfasidek jaranglaydi. Bu — bir maktabning yutug‘i bo‘libgina qolmay, bilimga chanqoq, orzu-maqsadlari yuksak, ertangi kunga ishonch bilan qadam qo‘yayotgan yoshlarimizning muvaffaqiyatidir.
Istiqlolning 35 yilligi shukuhiga uyg‘un bu natija yana bir haqiqatni tasdiqlaydi: bilimga e’tibor, yoshlarga ishonch va mehnatga tayanch bor joyda yuksak marralar albatta zabt etiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri