35 yil: Markaziy Osiyo yangi bosqichda
Markaziy Osiyo mustaqillikning 35 yilligini nishonlamoqda. Bu sana faqat tarixiy yubiley emas, balki mintaqa bosib o‘tgan yo‘lni sarhisob qilish, erishilgan natijalarni baholash va oldindagi vazifalarni belgilab olish uchun muhim palladir. Tahlillar ko‘rsatadiki, bugungi Markaziy Osiyo 1991-yildagi mintaqa emas, o‘z manfaatiga ega, tashqi siyosatda mustaqil qaror qabul qila oladigan va xalqaro maydonda tobora faol ishtirok etayotgan hudud.
Istiqlolning dastlabki yillarida asosiy vazifa davlatchilik barpo etish edi. Keyingi bosqichda iqtisodiy muvozanatga erishish, suverenitetni mustahkamlash va tashqi siyosatni rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etdi. So‘nggi yillarda esa butun mintaqa uchun mutlaqo yangi jarayon – o‘zaro yaqinlashuv va hamkorlikni kuchaytirish davri boshlandi. 2017-yildan keyin davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi yo‘lga qo‘yilishi, chegara masalalari hal etilishi va tashqi hamkorlar bilan “Markaziy Osiyo plyus” formatlari shakllantirilishi aynan shunday o‘zgarishning amaliy ifodasidir.
Eng muhimi, 35 yil davomida mintaqa o‘z davlatchiligini saqlab qoldi. Dunyoda parchalanish, ichki qurolli mojarolar va hududiy inqirozga yuz tutgan hududlar ko‘paygan bir payt Markaziy Osiyo davlatlari hududiy yaxlitligini yo‘qotmadi. Ayni holat mustaqil taraqqiyotning beqiyos yutug‘i sifatida baholanmoqda.
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev oxirgi yillarda mintaqada iqtisodiy jarayon yangi sur’at olganiga e’tibor qaratadi. 2025-yil umumiy savdo qiymati 12,3 milliard dollarga yetdi. Davlatlarimiz endi bu ko‘rsatkichni 20 milliard dollargacha oshirishni maqsad qilgan.Demak, Markaziy Osiyo mamlakatlari bir-biri uchun muhim iqtisodiy sheriklarga aylanmoqda.
Mintaqadagi eng og‘riqli masalalardan biri hisoblangan chegara muammosi sezilarli darajada bartaraf etildi. Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida davlat chegaralari huquqiy rasmiylashtirilishi yakunlandi. Xo‘jand deklaratsiyasi va uch davlat chegarasi tutashuv nuqtasi bo‘yicha imzolangan shartnoma ko‘p yillik bahsga huquqiy yechim berdi. Shu tariqa nafaqat xavfsizlik mustahkamlandi, balki ishonch muhiti ham yaxshilandi.
Markaziy Osiyoning xalqaro nufuzi sezilarli darajada o‘sdi. O‘tgan yil Samarqandda ilk bor “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”, Vashingtonda esa “Markaziy Osiyo – AQSH” sammitlari o‘tkazildi. Mintaqamiz yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobat maydoni emas, balki mustaqil strategik sherik sifatida qabul qilina boshladi.
To‘g‘ri, hali muammolar to‘liq hal etilgani yo‘q. Eksport asosan xom ashyoga tayanishi, suv va energiya resurslari bilan bog‘liq qiyinchilik, ichki bozor cheklangani, mehnat unumdorligi pastligi hamda mintaqaviy institutlar hali to‘liq shakllanmagani kelgusi yillar uchun asosiy chaqiriq sifatida qayd etilgan. Shuningdek, Afg‘onistonni mintaqaviy infratuzilma va iqtisodiy jarayonga to‘liq jalb etish masalasi ham dolzarb.
35 yillik tajriba bir haqiqatni namoyon qildi: Markaziy Osiyo endi faqat geografik tushuncha emas, balki umumiy manfaat, hamkorlik va o‘zaro ishonchga tayangan mintaqa sifatida shakllanmoqda. Keyingi bosqichda siyosiy yaqinlashuvni iqtisodiy va texnologik taraqqiyot bilan mustahkamlash muhim.
Markaziy Osiyoning yangi qiyofasi: suverenitetdan strategik hamkorlikka

Bugungi asosiy savol shunday: shakllangan davlatlar qanday qilib barqaror, raqobatbardosh va ta’sirchan mintaqa barpo eta oladi? Bu savolga javob izlashda 35 yillik tajriba muhim xulosa taqdim etadi.
Mintaqa mamlakatlari to‘liq davlatchilik institutlarini shakllantirishga erishdi. Milliy konstitutsiyalar qabul qilindi, davlat boshqaruvi va mustaqil sud-huquq tizimi, milliy valyuta, qurolli kuchlar, diplomatik xizmat yaratildi. Shu jarayonda suverenitet huquqiy tushunchadan amaliy boshqaruv mexanizmiga o‘zgardi.
Davlat chegaralari xalqaro-huquqiy jihatdan rasmiylashtirilishi mintaqa barqarorligi muhim shartiga aylandi.
Siyosiy mustaqillik borasida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Davlatlarda hokimiyat almashinuvi amalga oshdi va aksar holda jarayon konstitutsiyaviy doirada kechdi. Konstitutsiyaviy islohot, parlamentarizm, mahalliy boshqaruv va jamoatchilik nazorati institutlari rivojlanishi davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich takomillashtirishga xizmat qildi.
Huquqiy sohada milliy qonunchilik tizimi yaratildi, inson huquqini himoya qilish institutlari shakllandi, ma’muriy sud, ombudsman instituti va tadbirkorlar huquqini himoya qilish mexanizmi joriy etildi. Ayrim mamlakatlarda o‘lim jazosi bekor qilinishi va jinoyat siyosati insoniylashtirilishi huquqiy islohotning muhim natijasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Moliyaviy mustaqillikni ta’minlash yo‘lida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Milliy valyutalar mustahkamlandi, markaziy banklar shakllandi, valyuta bozori liberallashtirildi va xalqaro kapital bozoriga chiqish imkoni kengaydi. Xususan, O‘zbekistonda 2017-yil valyuta siyosati liberallashtirilishi investitsiya muhitida muhim burilish yasadi.
Madaniy-ma’naviy sohada milliy o‘zlikni anglash jarayoni yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat tillarining mavqei mustahkamlandi, tarixiy meros ob’ektlari tiklandi, Samarqand, Buxoro, Xiva, Turkiston, Marv va boshqa qadimiy shaharlar xalqaro miqyosda yanada keng tanildi. Shu bilan birga Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy markazlar tashkil etildi. Gumanitar diplomatiya tashqi siyosatning muhim vositasiga aylandi.
Tabiiyki, mintaqa erishilgan yutuqlar bilan kifoyalanish niyatida emas. Barcha davlatlar kelgusi o‘n yillik uchun ustuvor vazifalarni aniq belgilab olgan. Bu jarayonda texnologiya mustaqilligini kuchaytirish, iqtisodiyotning eksport tarkibini diversifikatsiya qilish, milliy ilmiy maktablarni rivojlantirish, raqamli transformatsiyaga huquqiy asos yaratish va davlat boshqaruvida tahliliy salohiyatni oshirish masalalari ustuvor.
Xullas, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikni saqlab qolish bosqichidan o‘tib bo‘ldi. Endi asosiy vazifa mavjud salohiyatni iqtisodiy o‘sish, texnologiya taraqqiyoti va kuchli mintaqaviy hamkorlikka aylantirishdir. Shundagina mintaqa Yevrosiyo makonidagi asosiy rivojlanish markazlaridan biriga aylanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA