340 mingta obyektning kadastr qiymati belgilanmagan
Mamlakatimizda kadastr va yer hisobini yuritish sohasidagi qonun hujjatlari eskirgani, hisob-kitob boʻlmaganligi sababli minglab gektar yerlar talon-toroj boʻlgan. Xususan, 340 mingta obyektning kadastr qiymati belgilanmagan.
Mamlakatimizda kadastr va yer hisobini yuritish sohasidagi qonun hujjatlari eskirgani, hisob-kitob boʻlmaganligi sababli minglab gektar yerlar talon-toroj boʻlgan. Xususan, 340 mingta obyektning kadastr qiymati belgilanmagan. Bir milliondan ortiq uy-joyning kadastr hujjati yoʻq.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida maʼlum qilindi.
Sohadagi muammolarni bartaraf etish uchun yer hisobini aniq yuritish, bu borada adolatni taʼminlash zarur.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 7-sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjatda sohani ilgʻor tajriba asosida isloh qilish, yangicha boshqaruv tizimini joriy etish, yerning hisobini toʻliq yuritish va raqamlashtirish boʻyicha kompleks vazifalar belgilangan.
Prezidentimiz raisligida 15-oktyabr kuni davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham bu borada aniq topshiriqlar berildi.
Joriy yilda 50 mingga yaqin holatda 11 ming 200 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 ming 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan. Bularning 99 foizi sugʻoriladigan, unumdor qishloq xoʻjaligi yerlari. Agrar yerlarni nazorat va ekinlarni monitoring qilish maqsadida har bir tuman dron bilan taʼminlansa, bu boradagi muammolar bartaraf etilishi mumkin.
Yigʻilishda yerdan unumli foydalanish, soha ravnaqiga toʻsiq boʻlayotgan kamchiliklarni uzil-kesil bartaraf qilish boʻyicha joylarda doimiy nazorat va monitoringni olib borishi kerakligi taʼkidlandi.
Oziq-ovqat mahsulotlarining arzon va yetarli boʻlishi xalq roziligining asosiy omillaridan biri. Shu boisdan koronavirus pandemiyasining narx-navoga taʼsiri inobatga olinib, joriy yil aprel oyidan boshlab asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importi bojxona toʻlovlaridan ozod qilindi.
Lekin shunga qaramay, oxirgi vaqtlarda goʻsht, tuxum, oʻsimlik yogʻi va shakar mahsulotlarining narxi keskin oshdi. Dunyo bozorida oʻtgan 9 oyda oʻsimlik yogʻi 15 foizga, Oʻzbekistonda esa 26 foizga oshgan. Shakar narxi 5 foizga kamayishiga qaramasdan, yurtimizda 23 foizga qimmatlashgan.
Fraksiya yigʻilishida Prezidentimiz raisligida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ham muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, har bir viloyat, tuman va shahar hokimida hudud aholisining keyingi yil maygacha goʻsht, tuxum, un, yogʻ, shakar, guruch, kartoshka, sabzi va piyozga boʻlgan ehtiyoji, bu mahsulotlarni qachon, qayerdan olish boʻyicha aniq hisob-kitobi boʻlishi kerak.
– Oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri sanaladi, – dedi OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov. – Negaki, oziq-ovqat xavfsizligi mamlakat aholisini shu kabi asosiy mahsulotlar bilan oʻzini-oʻzi mustaqil taʼminlashga qodirligini ifodalaydi. Aytish mumkinki, bugungi kunda Oʻzbekiston oʻzining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash barobarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali boshqa mamlakatlarning oziq-ovqat taʼminotiga ham hissa qoʻshmoqda. Bularning barchasi har tomonlama puxta oʻylangan va uzoqni koʻzlagan siyosat, keng koʻlamli islohotlar samarasidir.
Qonunchiligimizda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash yoki chiqarib qoʻyish uchun jazolar belgilangan. Xususan, “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 91-moddasida koʻrsatilganidek, fuqaro noqonuniy joyga chiqindini tashlaydigan boʻlsa, hozirgi kunda 669 ming soʻm jarima toʻlaydi. Avtomashinadan chiqindini tashlaydigan boʻlsa, 123-moddaga asosan 223 ming soʻmgacha jarimaga tortiladi.
Fraksiya yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasining muhokamasi ham qizgʻin kechdi.
Prezidentimizning 2020-yil 29-sentyabrdagi tegishli qarorining 12-bandi ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan qonun loyihasiga muvofiq, “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 911-moddasi (Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni toʻkish) sanksiyasidagi jarima miqdorlarini oshirish taklif etilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi orqali fuqarolarning ekologiya va atrof-muhitni asrash borasidagi masʼuliyatini yana-da oshirishga hamda mamlakatdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga erilishini aytib, qonun loyihasini maʼqulladi.