34 kg.dan ortiq narkotik moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Toshkent shahridagi “Qo‘yliq” bozori yonida shubhali tarzda to‘xtab turgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi, 1968 y.t., muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi avtomashinada 1984-yilda Denov shahrida tug‘ilgan, hozirda poytaxtda istiqomat qiluvchi fuqaro ham borligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, avtomashina salonida bo‘lgan yelim idish ichida 30 dona o‘ramda jami 34 kg 610 gr og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari, jumladan, 12 kg 960 gr “opiy” va 21 kg 650 gr “gashish” moddalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ta’kidlash lozim, bunday turdagi giyohvandlik vositalari mamlakatimizga xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelinadi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy sheriklarining shaxsini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.