335,3 milliard so‘mlik zarar: energiya resurslari talon-torojiga qarshi kurash nega kutilgan natijani bermayapti?
Energiya resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash maqsadida mamlakat bo‘ylab nazorat tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Biroq olib borilayotgan profilaktik ishlar va kuchaytirilgan nazoratga qaramay, elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari hamon uchrab turibdi.
“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning yanvar-may oylarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida energiya resurslarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq 1 ming 427 ta holat aniqlangan. Tekshiruvlar natijasida 108,4 million kVt⋅soat elektr energiyasi va 47,5 million metr kub tabiiy gaz noqonuniy ravishda iste’mol qilingani ma’lum bo‘lgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qonunbuzarliklar oqibatida yetkazilgan umumiy zarar 335,3 milliard so‘mni tashkil etgan. Shundan 201,5 milliard so‘m elektr energiyasi, 133,8 milliard so‘m esa tabiiy gaz hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar yuzasidan 2 ming 593 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan. Vakolatli idoralar tomonidan qonunbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, energiya resurslarini talon-toroj qilish nafaqat iqtisodiy yo‘qotishlarga, balki energiya ta’minoti tizimining barqaror ishlashiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois iste’molchilarni qonun talablariga rioya qilishga chaqirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda javobgarlik choralarini mustahkamlash bu boradagi muhim vazifalardan biri.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA