33 ming 262 onlayn notarial harakat amalga oshirildi
Notarial harakatni onlayn tarzda, ya’ni notarial idoraga bormasdan, internet tarmog‘i orqali amalga oshirish katta qulaylik bo‘lib, odamlarning vaqti va mablag‘ini tejaydi.
Bunday harakatlar aholi orasida tobora ommalashib bormoqda. Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, joriy yil boshidan 31 avgustga qadar 33 ming 262 onlayn notarial harakat amalga oshirilgan.
Jumladan, boshqa turdagi ishonchnomalar soni 4 ming 731 tani tashkil etgan. Voyaga yetmagan shaxslar uchun ota-onalari yoki vasiylaridan (homiylari) fuqaroning xorijga chiqishiga rozilik arizasi soni 15 ming 800 ta bo‘lgan.
Voyaga yetmagan shaxs (muomalaga layoqatsiz shaxs)ni xorijga chiqish davrida kuzatish va olib kelish uchun hamrohlik qiluvchi shaxsdan rozilik arizasi – 38 ta, avtomototransport vositasining oldi-sotdi shartnomasi – 3 ming 122, avtomototransport ishonchnomasi – 1 ming 701 ta, hujjatlardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash – 279 tani tashkil etgan.
Er va xotinning umumiy mol-mulkni tasarruf etish bo‘yicha bitim tuzishi uchun xotin (er)ning notarial tartibda tasdiqlangan rozilik arizasi 6 ming 740 tani tashkil egan bo‘lsa, ko‘chmas mulkka ishonchnomalar soni 201 ta bo‘lgan.
2024 yil 1 yanvardan 30 iyunga qadar 13 ming 221 onlayn notarial harakat amalga oshirilgan bo‘lsa, 1 iyuldan 31 avgustgacha bu ko‘rsatkich 20 ming 41 tani tashkil etdi. Joriy yilning avgust oyida 10 ming 657 harakat amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 23 dekabr kuni "E-notarius.uz" axborot portali orqali birinchi onlayn notarial harakat masofadan turib rasmiylashtirilgan. Bu Markaziy Osiyoda birinchi bor notariusga bormasdan turib amalga oshirilgan onlayn notarial harakat bo‘lgan.
N.Abduraimova, O‘zA