31 avgust – jahon siyosiy xaritasida mustaqil O‘zbekiston davlati tashkil topgan kun
Tarixdagi muhim voqealarga boy 31 avgust ham turli yillarda yuz bergan voqea-hodisalarni o‘zida jam etgan.
Tarixdagi muhim voqealarga boy 31 avgust ham turli yillarda yuz bergan voqea-hodisalarni o‘zida jam etgan.
Bugun malayziyaliklar o‘zlarining milliy bayrami – “Milliy kun“ni nishonlayotgan bo‘lsa, qirg‘izistonliklar – Davlat mustaqilligi kunini bayram qilishyapti.
31 avgust O‘zbekistonda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadi.
O‘zbekiston tarixida:
870 yil – islom olamining yirik mutafakkiri, muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriy (810–870) Samarqand yaqinidagi Hartang qishlog‘ida dunyodan ko‘z yumdi. U yigirmadan ortiq kitob tasnif etgan. Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” (“Ishonchli to‘plam”) deb nomlangan 4 jild (juz)dan iborat hadislar to‘plami islom olamidagi boshqa muhaddislar tuzgan hadis to‘plamlari orasida eng ishonarli va mukammalidir.
1865 – Usmoniylar hukumati Qo‘qon xoni Sulton Sayidxonning chor Rossiyasi tajovuziga qarshi kurashda yordam so‘rab yozgan iltimosini “Majlisi maxsus”da muhokama qilayotgan bir paytda Qo‘qon amirlashkari Alimqulning o‘limi va chor Rossiyasi qo‘shinlarining Toshkentni ishg‘ol qilganligi xabari Istanbulga yetib keladi. Usmoniylar sultoni Abdulaziz (1861–1879) farmoniga ko‘ra, Qo‘qon va Buxoroga maktub yozilib, elchilarga yo‘l xarajatlari uchun mablag‘ ajratiladi. Maktubda sulton Abdulaziz O‘rta Osiyo xonlarini birdamlikka chaqiradi.
1912 yil – geolog olim, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Habib Abdullaev (1912–1962) dunyoga keldi.
1920 yil – RSFSR Xalq Komissarlar Soveti davlatga topshirilgan paxta uchun paxtakorlarga naqd pul yoki natura bilan to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qarorda Amerika chigitidan yetishtirilgan 1 pud paxtaning narxi sobiq sovet puliga 1260 rubl deb belgilandi.
1920 yil – Buxoroga hujum qilgan sovet qo‘shinlari tomonidan shaharning to‘la vayron qilinishining oldini olish uchun Buxoro amiri Said Olimxon Moxi Xossa orqali G‘ijduvon tomonga qarab chekindi.
1924 yil – RKP(b) Markaziy Qo‘mitasi O‘rta Osiyo byurosi O‘rta Osiyo respublikalarini chegaralash yuzasidan o‘tkazilayotgan tashviqot kampaniyasi to‘g‘risidagi direktivalarni to‘ldirish va aniqlik kiritish haqidagi masalani ko‘rib chiqdi.
1932 yil – Sovet hukumatiga qarshi kurash harakati rahbarlaridan biri, Ibrohimbek nomi bilan tanilgan Mulla Muhammad Ibrohimbek Chaqaboy To‘qsabo o‘g‘li (1889–1932) qatl etildi. Buxoroning sobiq amiri Olimxon 1921 yil boshlarida uni o‘zining butun qo‘shinlariga qo‘mondon qilib tayinlagan edi.
1932 yil – O‘zbekiston xalq artisti Roman Tkachuk (1932–1995) dunyoga keldi.
1940 yil – O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi Xayrixon Qurbonova tavallud topdi.
1952 yil – O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirov dunyoga keldi. U 2001 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
1971 yil – Jizzax viloyatidagi Baxmal tumani qayta tuzildi. U 1943 yil 8 mayda tashkil etilgan. 1957 yil 12 oktabrda G‘allaorol tumani bilan birlashtirilgan edi.
1971-yil – Qashqadaryo viloyatidagi Dehqonobod tumani qayta tuzildi. Mazkur tuman 1926 yil 26 sentabrda tashkil etilgan bo‘lib, 1962 yil 24 dekabrda G‘uzor tumani bilan birlashtirilgan edi.
1971 yil – Toshkent viloyatidagi Ohangaron tumani qayta tashkil etildi. Unga 1929 yilning 29-sentabrida asos solingan, 1939 yilgacha Qurama tumani deb atalgan. 1957 yilda O‘rta Chirchiq va Toshkent tumanlari tarkibiga qo‘shilgan edi.
1991 yil – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari 6-sessiyasida O‘zbekistonning davlat mustaqilligi e’lon qilinib, Respublikaning davlat mustaqilligi to‘g‘risida Oliy Kengashning Bayonoti qabul qilindi. Tegishli qaror bilan O‘zbekiston SSR O‘zbekiston Respublikasi deb ataldi. 1-sentabr Mustaqillik kuni deb belgilandi. O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida qonun qabul qilindi.
1993 yil – Toshkentda Amir Temur haykali ochildi.
1994 yil – “Yog‘du” haftalik iqtisodiy gazetasi chiqa boshladi. U 1995 yil 21 yanvardan “Mulkdor” nomi ostida nashr etila boshlandi.
1995 yil – O‘zbekiston Respublikasi Osiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘ldi.
1995 yil – O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 1966 yil 16 dekabrda qabul qilgan Inson huquqlari to‘g‘risida paktlarga, shuningdek, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyaga qo‘shildi.
1995 yil – O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik karantini to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
2000 yil – O‘zbekiston Respublikasining “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
2002 yil – Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuyida “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi ochildi. Muzey Rossiya imperiyasi va sovet hokimiyati davrida Vatan ozodligi yo‘lidagi faoliyati uchun qatag‘on etilgan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil qilingan. Bu minnatdor avlodlarning o‘z ajdodlari xotirasiga ehtiromidir.
2004 yil – O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi foydalanishga topshirildi.
Jahon tarixida:
1492 yil – Moskva knyazligi va Usmonlilar imperiyasi o‘rtasida birinchi sulh shartnomasi tuzildi.
1806 yil – Imperator Aleksandr I xolislikni Rossiya tashqi siyosatining asosiy prinsipi deb e’lon qildi.
1821 yil – nemis tabiatshunosi German Gelmgolts (1821–1894) dunyoga keldi. U fanga erkin va bog‘langan energiyalar degan tushunchani kiritgan.
1879 yil – Yaponiyaning 123-imperatori Yosixito (1879–1926) tavallud topdi.
1907 yil – Peterburgda Angliya va Rossiya o‘rtasida O‘rta Sharqdagi ta’sir doiralar chegaralarini belgilash to‘g‘risida bitim imzolandi.
1914 yil – Nikolay II farmoni bilan Sankt-Peterburg shahri Petrograd deb nomlandi.
1919 yil – hind shoirasi, adibasi Amrita Pritam tavallud topdi. Uning she’rlari Zulfiya tarjimasida o‘zbek matbuotida chop etilgan. U G‘afur G‘ulom, Oybek, Zulfiya, Asqad Muxtorning ba’zi asarlarini panjob tiliga tarjima qilgan.
1954 yil – Armaniston davlat arbobi, mamlakatning 1998–2008 yillardagi Prezidenti Robert Kocharyan dunyoga keldi.
1955 yil – Uilyam Kobb Chikagoda quyosh batareyali dunyodagi birinchi avtomobilni namoyish qildi.
1957 yil – Malakka yarimorolida turli sultonliklarni birlashtirgan Malayziya Federatsiyasi mustaqillikka erishdi.
1962 yil – Buyuk Britaniyaning Karib dengizidagi mustamlakasi bo‘lgan Trinidad va Tabago mustaqil davlat deb e’lon qilindi. U 1976 yil 1 avgustda esa Respublika deb e’lon qilindi.
1994 yil – G‘arbiy Germaniyadan Rossiya qo‘shinlarining chiqarilishi yakunlandi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi.