30 yillik avtomobillar uchun ekologik kompensatsiya bekor qilinmoqda
Jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan masalalardan biri — 30 yildan oshgan avtomobillar egalari uchun har yili ekologik kompensatsiya to‘lovini joriy etish taklifi edi. Biroq, keng jamoatchilik fikri va bildirilgan e’tirozlar inobatga olinib, ushbu norma qonun loyihasidan butunlay chiqarib tashlanmoqda.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qariyb 5 millionga yaqin avtotransport vositasi mavjud. Ularning 100 mingga yaqini texnik jihatdan nosoz holatda bo‘lib, shaharlardagi zararli atmosfera chiqindilarining 63 foizini aynan shu transport vositalari chiqaradi. Bu raqamlar mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlashda avtomobil parkini bosqichma-bosqich yangilash qanchalik dolzarb masalaga aylanganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bitta eski avtomobilni utilizatsiya qilish orqali faqat metall va plastmassa qayta ishlanmaydi. Shu bilan birga, tarkibida atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan 50 kilogrammgacha qattiq chiqindilar ham xavfsiz tarzda yo‘q qilinadi. Bu esa chiqindilarni qayta ishlash nafaqat iqtisodiy, balki ekologik ahamiyatga ham ega ekanini anglatadi.
Dastlabki loyihada 30 yildan oshgan avtomobillar egalari har yili bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi taklif etilgan edi. Aynan shu norma jamoatchilik tomonidan eng ko‘p tanqid qilindi.
Endilikda mazkur bandning chiqarib tashlangani davlatning yondashuvi o‘zgarganini anglatadi. Ya’ni, eski avtomobillarni majburiy ravishda emas, balki iqtisodiy jihatdan manfaatli takliflar orqali utilizatsiyaga jalb qilish maqsad qilinmoqda.
Xo‘sh, yangi tizim qanday ishlaydi?
Taklif etilayotgan mexanizmga ko‘ra, mamlakatda mustaqil baholovchi va avtomobillarni qayta ishlovchi tashkilotlar tarmog‘i shakllantiriladi. Ular ochiq tender asosida tanlanadi.
Fuqaro eski avtomobilini baholatadi va uning bozor qiymatiga qarab baholangan mablag‘ni naqd pul ko‘rinishida olish
yoki shu qiymatdagi vaucherdan yangi avtomobil sotib olishda boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanish kabi ikki xil imkoniyatga ega bo‘ladi.
Eng muhim jihati, qolgan mablag‘ni 2 yildan 7 yilgacha mutlaqo foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taklif etilmoqda.
Bu tizim, ayniqsa yangi avtomobil sotib olish uchun katta miqdorda dastlabki to‘lov yig‘ish imkoniyati cheklangan aholi uchun qo‘shimcha yengillik yaratishi mumkin.
Iqtisodiy samara qanday bo‘ladi?
Masalan, hozirgi tartibda 165 million so‘mlik yangi avtomobil xarid qilish uchun xaridordan kamida 30–50 foiz boshlang‘ich to‘lov talab etiladi. Qolgan qismi esa kredit orqali foizlar bilan qaytariladi.
Yangi taklifga ko‘ra esa hatto 5 million so‘mga baholangan eski avtomobil ham yangi mashina uchun dastlabki to‘lov vazifasini bajaradi. Qolgan mablag‘ni esa fuqaro yetti yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin.
Agar avtomobil yuqoriroq masalan, 70 million so‘mga baholansa, oylik to‘lovlar yanada kamayadi. Bu esa avtomobil bozorida yangi moliyaviy mexanizmlarni shakllantirishi mumkin.
Ekologiya va iqtisodiyot o‘rtasidagi muvozanat
Mutaxassislarning fikricha, mazkur tizim bir vaqtning o‘zida atmosferaga chiqarilayotgan zararli chiqindilarni kamaytirish, xavfli avtomobil chiqindilarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, avtomobil parkni bosqichma-bosqich yangilash, aholi uchun yangi avtomobil xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish kabi bir nechta vazifani hal qilishga xizmat qilishi mumkin.
Biroq, tizimning samaradorligi baholash jarayonining qanchalik shaffof bo‘lishiga ham bevosita bog‘liq. Agar avtomobillar haqiqiy bozor qiymatida baholansa va vaucher tizimi ochiq ishlasa, bu aholi ishonchini oshiradi. Aks holda esa yangi savollar va e’tirozlar paydo bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda loyiha hali yakuniy qabul qilinmagan. Demak, unga yana taklif va mulohazalar asosida o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA