30 nafar fuqaroga 15 sotixdan yer ajratildi
Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda bo‘lib, o‘rganishlar olib bormoqda. Ushbu jarayonda aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar qilinib, o‘z yechimini kutayotgan masalalar hal etilmoqda.
Parlament quyi palatasi deputati Mavjuda Hasanova Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida bo‘lib, dastlab tumandagi “Qarashiq” mahalla fuqarolar yig‘inidagi saylovchilar bilan muloqot qildi. Ularning fikrlarini, takliflarini atroflicha o‘rgandi.
Shundan so‘ng, deputat ko‘magida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 30 nafar fuqaroga 15 sotixdan yer ajratildi. Muloqotlarda o‘z yechimini kutayotgan ayrim muammolar deputat nazoratiga olindi.
— O‘rganishlar jarayonida Uzun tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Jonchekka oilaviy shifokorlik punkti(OSHP) va 75-oilaviy poliklinikada bo‘ldim, — deydi M. Hasanova. — Ma’lum bo‘lishicha, Jonchekka OSHP 5 yarim mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi. Ushbu muassasa 2021 yilda ta’mirlangan bo‘lib, internet tarmog‘i, uzluksiz elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan taminlangan. Yaratilgan shart-sharoitlardan, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlardan mahalla fuqarolari mamnun.

Tumandagi 75-oilaviy poliklinika ham 2021 yilda zamon talablari asosida qayta ta’mirlangan. bugungi kunda tibbiyot muassasasi 5 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. E’tiborlisi, joriy yilda poliklinika zamonaviy “UZI” va “EKG” apparatlari bilan ta’minlandi. Bu o‘z navbatida, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatining oshishiga xizmat qilmoqda.
Deputatning hududdagi o‘rganishlari davom etmoqda.
M.Komilova, O‘zA