Hamjihatlik hikmati
Mahallamizda turli millat va elat vakillari istiqomat qiladi.
30-iyul – Xalqaro doʻstlik kuni
Mahallamizda turli millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Gohi dorixonami, doʻkonga shoshib, ular bilan oʻzbekcha salomlashsam, albatta, tutilibroq boʻlsa-da, aytarli barining ona tilimizda alik olishi oʻrganish boʻlib qolgan.
Aqlimni tanibmanki, bilim maskani, mehnat jamoalarida, mahalla-koʻylarda kimning qaysi millatga mansub ekanidan soʻz ochishdek holatni uchratmaganman. Aslida ham shunday, kimningdir millatini surishtirish odati barchani oʻz qavmi-qardoshi deb bilguchi xalqimiz uchun begona. Ikkinchi jahon urushi yillarida oʻzbek oilalarining millatini surishtirmay, minglab bolalarni oʻz panohiga olgani, uyi toʻridan joy berib, soʻnggi burda nonini baham koʻrgani buning yaqqol tasdigʻidir.
Bugungi murakkab davrda barcha masalalar ahillikda, bahamjihat tarzda hal etilayapti. Har qanday vaziyatda sogʻligʻu omonlik bilan birga hamyurtlarimiz oʻrtasida oʻzaro hamjihatlik, ahillik, totuvlik eng katta boylik ekanini sinovli kunlar yana bir karra isbotlamoqda.
Jamiyatimizda millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash ishlarini izchil davom ettirish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Yurtimizda istiqomat etayotgan bir yuz oʻttizdan ortiq millat va elat vakillari tabarruk shu diyorni oʻz ona Vatani deb biladi. Mamlakatimizda millati, diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning emin-erkin yashashi, taʼlim olishi, mehnat qilishi, oʻz salohiyatini yuzaga chiqarishiga oid huquqiy kafolatlar Konstitutsiyada mustahkamlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tashkil etilib, mazkur qoʻmita samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Ayni paytda koʻplab milliy madaniyat markazlarining ishlashi yoʻlida zarur barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan.
Prezidentimizning 2019-yil 15-noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarni davr ruhiga hamohang tarzda olib borishda yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Garchi bugun istirohat bogʻlariyu soʻlim xiyobonlarni toʻldirib, Doʻstlik festivallari, turli millat va elatlarning rang-barang madaniyati va anʼanalari, oʻziga xos sanʼatini aks ettiruvchi konsertlarni, musiqiy marafonlar, ijodiy tanlovlarni oʻtkazishning iloji boʻlmasa-da, ona Vatanni madh etuvchi onlayn ijodiy loyihalar, “Ulugʻimsan, Vatanim!” chellenj tadbirlari, videoroliklar namoyishi muntazam oʻtkazilayotir. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda milliy madaniy markazlar tomonidan oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlarda ona-Oʻzbekistonimizning farzandlari – koʻplab millat va elat vakillari faol ishtirok etmoqda.
Hozirgi murakkab global sharoitda ayrim mamlakatlarda yuz berayotgan koʻngilsizliklar, tushunmovchiliklar, toʻqnashuvlarning milliy nizolarga sira aloqasi yoʻqligi, ular aslida tor doiralar manfaatlari yoʻlidagi noxush urinishlar ekani tobora yaqqolroq ayon boʻlmoqda. Bularning barchasi koʻzga koʻrinmas boyligimiz, bebaho qadriyatimiz – jamiyatimizdagi oʻzaro ahillik, hamjihatlik, doʻstlik, mehr-saxovatning qadriga yana-da koʻproq yetishga, ularni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashga undaydi.