285 gektarlik sayyohlik hududi bunyod etiladi
Guliston tumanida Sirdaryo bo‘yidagi 285 gektar maydonda zamonaviy «Ekoturizm» majmuasini tashkil etish ishlari boshlandi. Loyiha doirasida hududni obodonlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish va aholi uchun zamonaviy dam olish maskanini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Majmua tuman hududidagi Sohilobod mahallasida, Sirdaryo daryosi bo‘yida joylashgan. Loyiha uchun davlat byudjetidan 7,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hozirda pudratchi «Sherobod Buxoro yo‘llari» MCHJ tomonidan qurilish ishlari yakunlanmoqda.

Loyihaning hududiy rivojlanish bosh rejasi — «Master reja» malayziyalik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilib, to‘liq yakunlangan. Unga ko‘ra, 285 gektar maydon uchta asosiy hududga ajratilgan. Shundan 135 gektari tabiat zonasi, 85 gektari o‘rmon zonasi, 65 gektari esa dam olish, savdo va xizmat ko‘rsatish hududlari sifatida belgilangan.

Majmua infratuzilmasini shakllantirish doirasida 2 kilometr yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizish, 2 ta transformator o‘rnatish, 2 kilometr elektr tarmog‘i tortish, shuningdek, zamonaviy ko‘cha yoritish chiroqlari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda.


Yangi ekoturizm maskani tumanning tabiiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, hududning turistik salohiyatini oshirish va xizmatlar sohasini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, loyiha tadbirkorlik sub’ektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratib, aholi bandligini ta’minlashga ham zamin yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri