28 oktyabr - Butunjahon dzyudo kuni
Har yili 28 oktyabr kuni dunyo bo‘ylab Butunjahon dzyudo kuni keng nishonlanadi.
Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) taklifi bilan bu yilgi bayram tantanalari «Birdamlik» (Solidarity) shiori ostida o‘tkazildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar qatori Toshkent shahrida ham dzyudochilar bayrami keng tantana qilindi. Unda O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, murabbiylar, yosh dzyudochilar va ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari hozir bo‘ldi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni sohibi Vladimir Pyatayev, terma jamoa bosh murabbiyi Ilias Iliadis va boshqalar so‘zga chiqib, dzyudochilarni bayram bilan qutlashdi.
[gallery-4479]
«Bugun butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham «Xalqaro dzyudo kuni» keng nishonlanmoqda. Biz ham ushbu tadbirga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan baxtiyormiz. Fursatdan foydalanib, o‘zbek dzyudosi oilasini ushbu kun bilan muborakbod etaman. Nasib qilsa, yaqin kelajakda siz jajji dzyudochilar xalqaro musobaqalarda akalaringiz singari Vatanimiz sharafini munosib tarzda himoya qilib, o‘zbek dzyudosining shonli an’analarini davom ettirasizlar. O‘z navbatida, sportchilarimizning mana shunday zamonaviy sport zallarida shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimizga ham rahmat aytaman», – dedi MOQ Bosh kotibi O.Kasimov.
Shundan so‘ng Kamol Murodov va O‘lmas Gulliyev murabbiyligidagi yosh dzyudochilarimiz tatamida o‘z chiqishlari bilan mahorat va iqtidorlarini namoyish etdi. Faxriylar nomidan so‘zga chiqqan Vladimir Pyatayev yosh dzyudochilar akalarining izidan borib, ularga munosib voris bo‘lishga chaqirdi.
So‘ngra faxriy mehmonlar hamda yosh dzyudochilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Marosim so‘nggida an’anaga muvofiq bayram torti kesilib, mehmonlarga tortiq etildi.
Muhammad AMIN(surat), O‘zA