28 nafar bola oila muhitiga qaytarildi
Qashqadaryo viloyatida nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni oila muhitida tarbiyalashga qaratilgan yangi tizim bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Unda asosiy e’tibor bolalarni institutsional muassasalardan oilaviy muhitga qaytarishga qaratilgan.
Shu munosabat bilan joriy yilda Qarshi shahridagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyida tarbiyalanayotgan 28 nafar bola oila bag‘riga qaytarildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bolalarning oila muhitida ulg‘ayishi ularning jismoniy va ma’naviy rivojlanishi uchun muhim omil hisoblanadi. Shu bois mazkur yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oilaga qaytarilgan bolalar bilan “Inson” markazi hamda mahallalardagi ijtimoiy xodimlar tomonidan manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ular “Kunduzgi parvarish xizmati”, uyda ta’lim kabi xizmatlar bilan qamrab olingan.


Qayd etilishicha, bu kabi chora-tadbirlar nogironligi bo‘lgan bolalarni jamiyatga moslashtirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda to‘laqonli hayot kechirishlariga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri