28 aprel – «Kimyoviy xavfsizlik kuni»
Insoniyatning kimyoviy xavfsizligini ta’minlash kuni sifatida nishonlash birinchi bo‘lib, 1997 yil 28 aprelda Rossiyalik ekologik jamoat tashkiloti bo‘lgan «Kimyoviy xavfsizlik uchun» jamoasi tashabbusi bilan chiqilgan. Maqsad, 1974 yil Novocheboksarsk shahridagi kimyoviy zavodda bo‘lgan yong‘in sababli atrof muhitga va atmosferaga kimyoviy moddalar chiqib ketishi ortidan ro‘y bergan ko‘ngilsizlik oqibatida qurbon bo‘lgan fuqarolarni xotirlashdan iborat edi.
1997 yil 28 aprelda Kimyoviy qurollarni ishlab chiqish, qo‘llash va saqlashni taqiqlash va yo‘q qilish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro konvensiyasi kuchga kirdi.
Bu Konvensiyani 138 ta davlat imzolagan.
Shundan beri ushbu kunni har yili Rossiyada «Insoniyatni kimyoviy xavfsizlikka qarshi kurash kuni» yoki «Kimyoviy xavfsizlik kuni» deb e’tirof etiladi.
Dastlab kimyoviy qurollarni jang maydonlarida qo‘llash Birinchi va Ikkinchi jahon urishi paytida qo‘llanilgan, o‘tgan asrning ikkinchi yarmida hindi-xitoy yarim oroli mamlakatlari – Vetnam, Kambodja va Laos mamlakatlari hududidagi tropik o‘rmonlaridagi ozodlik harakati jangarilari(partizanlar)ga qarshi ishlatilgan.
Past dozali kimyoviy moddalarni qishloq xo‘jaligi faoliyatida zararkunandalarga qarshi ishlash bugungi kungacha davom etmoqda. Bu moddalar fuqaro salomatligiga kam ta’sir ko‘rsatadi.
1976 yilda Stokgolm shahrida atrof-muhitga va inson salomatligiga yuqori darajada zararli ta’sir ko‘rsatuvchi 22 turdagi xlor-fosfororganik moddalarni ishlatishni taqiqlash to‘g‘risida bitim imzolandi.
Sobiq SSSR davrida O‘zbekiston Respublikasining Orol dengizi havzasidagi Vozrojdeniye orolida kimyoviy qurollar ishlab chiqiladigan maxfiy zavod faoliyat ko‘rsatgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Hatto olamga shov-shuv bo‘lgan «Novichok» kimyoviy moddasi ham shu zavodda ishlab chiqarilgan deyiladi. Mustaqilligimizdan keyin Xalqaro kuzatuvchilar nazoratida zavodda ishlab chiqilgan barcha mahsulotlar tashib olib ketilgan. U zavod o‘sha paytda ham O‘zbekiston hukumati ixtiyorida va nazoratida bo‘lmagan. bugungi kunda bu joyda zavod ham, insonlar ham faoliyat ko‘rsatmaydi, u yerga kirib-chiqish taqiqlangan va alohida qo‘riqlanadigan ob’ektlar sirasiga kiradi.
Mamlakatimizda mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab Stokgolm konvensiyasida keltirilgan zaharli moddalar ro‘yxatidagi kimyoviy birikmalar qo‘llanilmaydi. Qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashda biologik usul keng qo‘llanilmoqda. Faqat mamlakatimiz hududidagi bog‘lar, poliz, sabzavot va boshqa ekinlardagi zararkunanda hasharotlarga qarshi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kimyo komissiyasi tomonidan inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan, ruxsat etilgan, zaharli moddalar ishlatiladi va ularning reyestri (ro‘yxati) e’lon qilib boriladi. bugungi kunda paxta va g‘allaga umuman kimyo ishlatilmaydi va biologik kurash usuli keng qo‘llaniladi.
Mamlakatimiz yadro qurolidan holi hudud deb e’lon qilingan va bu tartib kimyoviy qurollarga ham taalluqlidir.
Dilnoza Holmetova,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Xorazm viloyat Kengashi xodimi