Qishloqda zamonaviy tikuvchilik korxonasi
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yangi tikuvchilik korxonasi ish boshladi.
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yangi tikuvchilik korxonasi ish boshladi.“Nargizateks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tarkibida barpo etilgan va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu korxona kuniga 6 ming dona tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda ish boshlagan 170 ishchining asosiy qismi kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridir.
Jamiyat o‘z mablag‘idan tashqari, “Aloqabank” Jizzax viloyati filialining 2 milliard 500 million so‘mlik kreditidan ham foydalandi. Korxonaning ikki qavatli zamonaviy binosida tikuv, andoza olish, naqsh, gul solish sexlari bilan birga ishchilar uchun oshxona va dam olish xonalari ham mavjud.
– Toshkentdagi milliy hunarmandlik kasb-hunar kollejini bitirib, tumanimizda barpo etilgan zamonaviy korxonada ish boshlaganimdan xursandman, – deydi Sarvinoz Eshtemirova. – Korxonamizda yoshlarning samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Loyihaning 2015-2016-yillarga mo‘ljallangan navbatdagi bosqichlarida ip-gazlama to‘qish va bo‘yash ishlarini yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida tabirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, kelgusida ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish va mahsulotlarimizni eksportga chiqarish niyatidamiz, – deydi jamiyat rahbari Abdurashid Shomirzayev. – Shu maqsadda qurilish, texnik jihozlash, butlash ishlari davom ettirilmoqda. Loyiha to‘liq amalga oshirilishi bilan ish o‘rinlari soni yana ikki barobar ko‘payadi.