24 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi
bugungi kunda mamlakatimizda faqat paxta chigitini qayta ishlash bo‘yicha yillik quvvat 3 million 300 ming tonnani tashkil etib, 1 million tonnaga yaqin kungaboqar, maxsar urug‘ini qayta ishlaydigan quvvatlar paydo bo‘ldi. Umumiy quvvat salkam 4,5 million tonnaga yetdi.
Soha mutaxassislarining ma’lum qilishicha, “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi tizimidagi yirik va kichik yog‘-moy korxonalari tomonidan 60 tur va 200 dan ortiq assortimentda yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Uyushma korxonalarida ISO 9001 va ISO 22000 xalqaro sifat standartlari joriy etilgan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar “Yog‘-moy mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglament talablariga mos.
Faol investitsiya siyosatini olib borish barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishning eng muhim shartlaridan biridir. Shu bois uyushma tizimidagi korxonalar tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Jumladan, sohaning eksport salohiyatini oshirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish miqdorini oshirish maqsadida uyushma bo‘yicha 9 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida prognozdagi 17,7 million dollar o‘rniga 24 million dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi. Natijada 10 oylik prognoz ko‘rsatkichi 135 foizga bajarilishi ta’minlandi. Investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan mablag‘ning 15,44 million dollari zamonaviy uskuna va jihozlar sotib olishga va 8,57 million dollari qurilish-montaj ishlariga sarf etildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2022-2026 yillarda 24 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 147,8 million dollarni tashkil etadigan mazkur loyihalar ishga tushirilgach, mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA