2030-yil 31-dekabrga qadar xorijiy davlatlardan taklif etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda:
a) 2030-yil 31-dekabrga qadar O‘zbekistonga turistlarni jalb qilish maqsadida xorijiy davlatlardan taklif etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi;
b) mahalliy turoperatorlarning mamlakatimizga xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan xorijdagi targ‘ibot tadbirlari xarajatlarining 25 foizigacha, biroq 500 million so‘mdan oshmagan qismi qoplab beriladi;
v) xususiy tadbirkorlarning sayyohlar uchun madaniy-ommaviy va konsert-tomosha hamda madaniy tadbirlarni aniq belgilangan hudud va jadval asosida yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlarini bir yilgacha muayyan qismini moliyalashtirish tartibi joriy etiladi. Bunda tadbirkorlar tomonidan ushbu tadbirlarni tashkil etishni bosqichma-bosqich o‘zi qoplash sharti bilan moliyalashtirish chegarasi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi tomonidan belgilanadi.
Turizm qo‘mitasi:
a) Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili reja asosida mahalliy va xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etgan holda turizm sohasi sub’ektlari uchun amaliy o‘quv kurslarini tashkil etib boradi;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri turizm boshqarmalarining rasmiy axborot resurslarini autsorsing asosida yuritishni tashkil etadi, shuningdek, turizm loyihalari va turistik manzillarning targ‘ibotini tizimli ravishda amalga oshirib boradi;
v) uch oy muddatda ushbu qarorda nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish tartibini belgilash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Transport vazirligi:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar turistik shaharlarda jamoat transporti qatnovlari sonini oshiradi hamda turizm sohasida navigatsiya tizimining axborot belgilarini, birinchi navbatda, yirik turistik yo‘nalishlarda ingliz tilida o‘rnatadi;
b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
aviaqatnovlarning uzluksizligi hamda iqtisodiy barqarorligini ta’minlash maqsadida turistik oqimi past bo‘lgan xorijiy mamlakatlardan aviaqatnovlarni amalga oshirgan aviakompaniyalar xarajatlarining bir qismini qoplab berish;
Termiz-Istanbul-Termiz, Termiz-Dubay-Termiz, Andijon-Buxoro-Andijon, Toshkent-Buxoro-Sariosiyo hamda Shahrisabz-Urganch-Nukus-Shahrisabz yo‘nalishlarida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif kiritadi.
Mazkur qaror bilan:
a) 2026-2030-yillarda turistik loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud jami maydoni 1 263 gektar bo‘lgan 30 ta istiqbolli yer uchastkalarining manzilli ro‘yxati;
b) 2026-2027-yillarda hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va turistik salohiyatni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;
v) 2026-2027-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari tasdiqlandi.
O‘zA