2027-yilgi Jahon kubogida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan shaxmatchilar safi ortadimi?
Bugun, 5-iyun kuni Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo chempionatining 8-tur bahslari bo‘lib o‘tadi.
Unda ayollar guruhida 6,5 ochko bilan yetakchilik qilayotgan Afruza Hamdamova qora donalarda hindistonlik Savitxa Shri qarshiligini yengishga harakat qilsa, 5,5 ochko bilan 2-o‘rinni band etgan Nilufarxon Imomqo‘ziyeva ham qora donalarda xitoylik Muziyan Gao bilan bahs olib boradi.
Aytish lozim, kecha o‘tkazilgan 7-tur musobaqasida A.Hamdamova oq donalarda hindistonlik Ravi Rakshittani mag‘lub etdi. N.Imomqo‘ziyeva esa qora donalarda bugun Afruza bilan kuch sinashadigan Savitxa Shriga qarshi o‘yinda durangga erishdi.

Shuningdek, terma jamoamiz a’zolaridan G.Tohirjonova kecha o‘tgan 7-turda qora donalarda hindistonlik Agraval Vantikaga yutqazib qo‘ydi.
Guldona Karimova qora donalarda vetnamlik raqibini mag‘lub etgan bo‘lsa, Asal Salimova oq donalarda, Madinabonu Xalilova qora donalarda mo‘g‘ulistonlik shaxmatchi qizlarga imkoniyatni boy berdi.
Qit’a birinchiligi erkaklar musobaqasining 7-turida yurtdoshimiz Abdumalik Abdusalimov oq donalarda mo‘g‘ulistonlik Uyurtsaix Agibilegni taslim etdi.

Ushbu turda Ortiq Nig‘matov qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan Arseniy Nesterovga ochko taqdim etgan vaziyatda Saidakbar Saidaliyev oq donalarda hindistonlik Anand Pranav bilan murosaga keldi.
Bugun o‘tkaziladigan 8-tur bahsida turnir jadvalida 5,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, erkaklar guruhida 5-o‘rinda borayotgan iqtidorli shaxmatchimiz A.Abdusalimov qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida birinchilikda qatnashayotgan Zhamsaran Tsydypov(Zhamsaran Tsydypov) bilan kuch sinashadi.

Aytish lozim, mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat chempionatda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 5 nafar, ayollar o‘rtasida 1 nafar ishtirokchi 2027-yilgi Jahon kubogi yo‘llanmasiga ega chiqishi belgilangan.
Shaxmatchilarimizning erkaklar va ayollar guruhida egallab turgan o‘rniga nazar tashlasak, chempionat yakunlanishiga 1 ta tur qolganda A.Hamdamova 102 nafar qatnashchi orasida raqiblarini 1 ochko ko‘rinishida ortda qoldirmoqda. A.Abdusalimov esa 143 nafar shaxmatchi orasida kuchli beshlikda boryapti.
Ko‘rsatkichlarning biz istagandek ko‘rinishda yakun topishi 2027-yilgi Jahon kubogida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan shaxmatchilarimiz safi ortishiga olib kelishi bilan ahamiyatlidir.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA