2026-yildan boshlab energiya sarfi keskin oshib ketgan davlat ob’ektlarida energiya samaradorligini tubdan yaxshilash dasturlari amalga oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2026-yildan boshlab har yili energiya sarfi belgilangan normativlardan keskin oshib ketgan davlat ob’ektlarida xalqaro standartlar va energiya servis mexanizmlari asosida energiya samaradorligini tubdan yaxshilash dasturlari amalga oshiriladi.
2026-yil 1-oktabrga qadar ob’ektlar kesimida katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data), biznes-tahlil (Business Intellegence) va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida energiya iste’molini va samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1 avgustga qadar yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uylar, noturar binolar hamda ijtimoiy soha ob’ektlari uchun energiya samaradorligi bo‘yicha etalon ko‘rsatkichlarni (Benchmark) joriy qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.
2026-yil yakuniga qadar qurilish sohasidagi normativ hujjatlarni strategik hamkor - "ILF Consulting Engineers" kompaniyasining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan tavsiyalaridan kelib chiqqan holda takomillashtiriladi. Bunda bino va inshootlarning loyiha hujjatlarida tabiiy yorug‘liklardan samarali foydalanish yechimlari hamda dispetcherlik boshqaruviga ega "aqlli" (smart) isitish, sovitish va shamollatish tizimlarini joriy qilish ko‘zda tutiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
a) 2027-yildan boshlab har yili:
ushbu Farmonda ko‘zda tutilgan dasturlar uchun talab qilinadigan mablag‘larni ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida rejalashtiradi;
energiya samaradorligini ta’minlash loyihalari amalga oshiriladigan davlat tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalarida ESKOlarga ushbu loyihalar natijasida tejaladigan energiya resurslari qiymatiga teng miqdordagi to‘lovlar uchun Agentlikning Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga zarur mablag‘larni ajratib boradi. Bunda tejaladigan energiya resurslari qiymati ushbu ob’ektlarda sanitariya normalari va qoidalari talablari asosida haqiqatda sarflanishi lozim bo‘lgan energiya resurslari hajmidan kelib chiqib hisoblanadi;
b) uch oy muddatda tabiiy gaz va markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan ta’minlanmagan davlat ijtimoiy soha muassasalari binolarini qurish, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda ularning energiya samaradorligini oshirish tadbirlari bilan bir vaqtda issiqlik nasoslari hamda boshqa muqobil qurilma va uskunalar yordamida isitish, sovitish va shamollatish tizimlarini joriy etishni kengaytirish haqida taklif kiritiladi.
Har yarim yilda iqtisodiyotning energiya sig‘imini hisoblash va tegishli ma’lumotlarni e’lon qilib borish amaliyoti joriy qilinadi.
Farmonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2026-yil 1-iyulga qadar o‘z hududida joylashgan 4 qavat va undan yuqori bo‘lgan kamida 20 tadan ko‘p kvartirali uylarni Chinoz va Oltiariq tumanlaridagi tajriba asosida modernizatsiya qilish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi belgilangan.
O‘zA