2026-yilda kambag‘allik darajasi 2,8 foizgacha va ishsizlik darajasi 4,5 foizgacha pasaytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, quyidagilar 2026-yilda aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
a) kambag‘allik darajasini 2,8 foizgacha va ishsizlik darajasini 4,5 foizgacha pasaytirish;
b) 1 mln aholini doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish hamda 4 mln aholi daromadini oshirish;
v) 263 mingta kambag‘al oilalarni (1,1 mln aholini) ularning daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olish;
g) kambag‘allik va ishsizlikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish; d) 1 mln norasmiy ish o‘rinlarini legallashtirish;
j) 120 ming nafar mutaxassisni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish;
z) 37 ta og‘ir toifadagi tumanlarda kambag‘allik darajasini kamida 2 baravarga qisqartirish va Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi 33 ta tuman va shaharni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish.
Qaror bilan:
a) Ishsizlik va kambag‘allik darajasini kamaytirish bo‘yicha 2026-yil uchun maqsadli ko‘rsatkichlar;
b) Aholini doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish bo‘yicha 2026-yil uchun maqsadli ko‘rsatkichlar;
v) Aholini daromadlarni oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olish bo‘yicha 2026-yil uchun maqsadli ko‘rsatkichlar;
g) Kambag‘al oilalarni ularning daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olish bo‘yicha 2026-yil uchun maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
Ma’lumot o‘rnida, oldinroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar asosida 37 ta og‘ir toifadagi tuman va kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 903 ta og‘ir toifadagi mahalla tanlangan edi.
O‘zA