2026-yil yakuniga qadar "Cancer-registr" axborot tizimi saraton kasalliklarini hisobga olish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, uch oy muddatda aholi o‘rtasida saraton kasalliklarini erta aniqlash hamda saraton kasalliklariga chalingan bemorlarni tashxislash, davolash, dispanser kuzatuviga olish hamda yo‘naltirish jarayonlarini o‘z ichiga olgan bemorlar raqamli marshrutini joriy qilish bo‘yicha texnik topshiriq ishlab chiqib, tasdiqlanadi.
2026-yil yakuniga qadar "Cancer-registr" axborot tizimi saraton kasalliklarini hisobga olish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtiriladi, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida qaror qabul qilishni qo‘llab-quvvatlovchi zamonaviy raqamli vositalar joriy etiladi.
2027-yil yakuniga qadar "Elektron sog‘liqni saqlash" axborot tizimida saraton kasalliklariga chalingan bemorlarni ro‘yxatga olish, tashxislash, davolash, dispanser kuzatuvi hamda yo‘naltirish jarayonlarini qamrab olgan bemorlarning raqamlashtirilgan marshruti alohida modul sifatida ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.
Jamg‘armaga 2027-yilda qo‘shimcha 1,7 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar 2028-yildan boshlab har yili Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi va narxlar o‘zgarishiga qarab indeksatsiya qilib boriladi.
Dastur doirasida saraton kasalliklarini erta bosqichlarda aniqlash va ularning oldini olish yuzasidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb qilish xarajatlari Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hamda Davlat byudjetidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Har yili 4-fevral - Butunjahon saratonga qarshi kurashish kuni munosabati bilan saraton kasalliklarining oldini olish va erta bosqichlarda aniqlash bo‘yicha aholining savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.
2027-yil yakuniga qadar dori va sarflov vositalarining zaxirasini raqamli prognoz qilish va boshqarishni, hududlar kesimida eng maqbul tarzda taqdimot qilishni hamda o‘smaga qarshi dori vositalari ko‘p yillik shartnomalar asosida xarid qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA