2026-2030-yillarda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan "Toza havo" umummilliy loyihasining asosiy maqsadlari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, quyidagilar 2026-2030-yillarda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan "Toza havo" umummilliy loyihasining asosiy maqsadlari etib belgilandi:
a) atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish;
b) atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari va chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilishini ta’minlash;
v) sanoat ob’ektlaridan chiqadigan tashlamalarni ushlab qolish ulushini 32 foizga yetkazish;
g) RM2,5 bo‘yicha milliy me’yorlardan oshish kuzatilgan kunlar sonini kamaytirish;
d) transport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 10 foizga qisqartirish.
Farmon bilan:
a) Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan "Toza havo" umummilliy loyihasining maqsadli ko‘rsatkichlari;
b) Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan "Toza havo" umummilliy loyihasini Toshkent shahrida amalga oshirish dasturi;
v) Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan "Toza havo" umummilliy loyihasini Toshkent shahrida amalga oshirish dasturining maqsadli ko‘rsatkichlari;
g) Toshkent shahrida 2030-yilgacha yashil hududlar tizimini rivojlantirish va bu borada aholi ehtiyojlarini ta’minlashning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Farmonga ko‘ra, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati 2027-yil 1-martgacha uzaytiriladi hamda uning nomi Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi etib o‘zgartiriladi.
2026-yil 1-iyulgacha Farg‘ona, Andijon hamda Namangan viloyatlari;
2026-yil 1-avgustgacha Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari;
2026-yil 1-oktabrgacha Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlari;
2026-yil 1-dekabrgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida "Toza havo" umummilliy loyihasini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqiladi.
Mazkur Farmonda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, belgilangan tartibda qabul qilinguniga qadar "Toza havo" umummilliy loyihasini hududlarda amalga oshirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda viloyatlar xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlangan dasturlarga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zA