2026-2027-yillar davomida respublikada o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan 14 ta "yashil" texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi:
a) 2026-2027-yillar davomida respublikaning har bir hududida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan 14 ta "yashil" texnikumlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
b) 2030-yilgacha respublikaning har bir hududidagi "yashil" texnikumlarda 10 000 nafar o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash uchun ekologik ta’lim va ilmni yanada rivojlantirish;
v) 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)ra Markaziy Osiyo davlatlari hamda boshqa xorijiy mamlakatlardan kamida 50 nafar talabani jalb qilish hamda 2027/2028 o‘quv yilida mazkur ko‘rsatkichni kamida ikki baravarga oshirish;
g) 2026-2028-yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida ilmiy daraja olgan nomzodlar sonini 150 nafargacha yetkazish.
Qarorga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab mazkur qarorda ko‘rsatilgan ta’lim muassasalari "yashil" texnikumlar sifatida qayta tashkil etiladi hamda ularda hududning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlaridan kelib chiqib, sohalar uchun o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
"Yashil" texnikumlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash va ta’lim sifatini oshirish maqsadida ular Kasbiy ta’lim agentligi bilan kelishuv asosida Universitetga biriktiriladi.
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)ning byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan "yashil" texnikumlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va pedagoglarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga ruxsat beriladi.
"Yashil" texnikumlarning direktori va direktor o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi - Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Qarorga ko‘ra, Universitet hamda "Yashil" texnikumlar ta’lim tizimining uzviyligini ta’minlash maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
a) "yashil" texnikumlarda ta’lim jarayoni Universitet tomonidan ishlab chiqiladigan va Kasbiy ta’lim agentligi tasdiqlaydigan ta’lim dasturlari asosida tashkil etiladi;
b) "yashil" texnikumlarda majburiy va tanlov fanlari Universitet tomonidan belgilanadi;
v) Universitetning birinchi bosqichida o‘qitiladigan mutaxassislik fanlari "yashil" texnikumlarning ikkinchi bosqich o‘quv dasturlariga maxsus kurs sifatida kiritiladi;
g) "yashil" texnikumlarni muvaffaqiyatli bitirgan ingliz tilidan V2 darajaga ega bo‘lgan bitiruvchilarga Universitet tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning ikkinchi bosqichidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi;
d) "yashil" texnikumlarda Ekostipendiya ta’sis etiladi va har yili 10 nafargacha iqtidorli o‘quvchilarga Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda stipendiya to‘lanadi.
O‘zA