2026/2027 o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash amaliyoti joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Texnikumlarda dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Texnikumlarda dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga maxsus platforma orqali stipendiya to‘lash tartibi;
dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarni ish beruvchi tomonidan baholash mezonlari;
dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lashni moliyalashtirish tartibi belgilab berilgan.
2026/2027 o‘quv yiliga qadar dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash bo‘yicha maxsus platforma ishga tushiriladi.
Maxsus platformani ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar Agentlikning Kasbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
2026-yil 1-oktabrga qadar maxsus platforma Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi elektron axborot tizimiga hamda “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilinadi.
Maxsus platforma Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi.
Dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lashda korxonalar (tashkilotlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi axborot tizimi orqali olinadi.
Tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash uchun talab etiladigan xarajatlar 2026-yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga birinchi darajali byudjet mablag‘lari taqsimlovchisi sifatida ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2027-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Texnikumlarda dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga
stipendiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom davlat kasbiy ta’lim tashkilotlarida dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari texnikumlarda 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida” 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son Farmoniga muvofiq:
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash amaliyoti joriy etilishi;
har bir o‘quvchiga fanlarni o‘zlashtirishidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 85 foizdan yuqori yoki kasblar bo‘yicha respublika va xorijiy tanlovlar g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida stipendiya to‘lanishi belgilangan edi.
O‘zA