2025 yilda pul massasi 36 foizga oshdi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yakuniga kelib keng ma’nodagi pul massasi (M2) barqaror o‘sishni saqlab qoldi. Xususan, yil boshida 277,1 trillion so‘mni tashkil etgan M2 hajmi yil oxiriga kelib 378,6 trillion so‘mga yetdi. Natijada yillik hisobda 36,6 foizlik o‘sish qayd etildi.
Shu bilan birga, milliy valyutadagi pul massasi ham kengayib, 220,1 trillion so‘mdan 309 trillion so‘mgacha oshdi. Muomaladagi naqd pullar hajmi 2025 yil davomida barqaror o‘sib, 53,3 trillion so‘mdan 68,5 trillion so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich yillik hisobda 28,5 foizlik o‘sishni tashkil qildi.
Yil boshiga nisbatan milliy valyutadagi depozitlar hajmi 24,9 foizga, milliy valyutadagi boshqa depozitlar 55,4 foizga o‘sdi. Shuningdek, chet el valyutasidagi depozitlar hajmi ham milliy valyuta ekvivalentida hisoblaganda 22,1 foizga oshgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, pul massasi (M2) — iqtisodiyotdagi pul likvidligining muhim ko‘rsatkichi. U naqd pullar hamda banklardagi talab qilib olinadigan va boshqa depozitlar hisobidan tashkil topadi. Pul massasining ko‘payishi iqtisodiy faollikning ortishi, aholi daromadlarining o‘sishi va moliyaviy bozorlardagi likvidlikning oshishi bilan bog‘liq.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA