2024 yilgi Davlat dasturi ijrosi qanday baholandi?
Avval xabar qilinganidek, bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2024 yil yakunlari ijrosi yuzasidan hisoboti muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov axborot berar ekan, davlat byudjeti daromadlari 18,4 foizga ko‘payganini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida Davlat dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va maqsadlar doirasida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan.
Hisobot davrida ta’lim tizimini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 76 foiz bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. 115 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti tashkil etilgan. Oliy ta’lim muassasalarida 91 ta talabalar turar-joylarini barpo etish loyihasi amalga oshirilgan.

Shuningdek, aholini tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 40 yoshdan oshgan 10 milliondan ortiq aholi hamda 8 million 162 ming nafar bola ommaviy skrining tekshiruvidan o‘tkazilgan. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida 197,7 ming nafar xotin-qizga 3,3 trln. so‘m kredit ajratilgan, 548,8 ming nafarining bandligi ta’minlangan.
Majlisda qayd etilganidek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz hamda zarur kasbiy malakaga ega bo‘lmagan fuqarolarning 221 ming nafardan ziyodi mehnat bozorining ehtiyojidan kelib chiqib, 90 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitilgan. Bu kabi chora-tadbirlar natijasida respublikada kambag‘allik darajasi yil boshiga nisbatan 1,3 punktga kamayib, 9,4 foizga tushirilishiga erishilgan.

Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishidagi ustuvor maqsadlar doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida yalpi ichki mahsulot 106,5 foizga, sanoat 106,8 foizga, qurilish 108,8 foizga, xizmatlar 107,7 foizga, qishloq xo‘jaligi 3 foizga o‘sgan. Jami qiymati 34,9 mlrd. AQSH dollari bo‘lgan xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobarga o‘sish qayd etilgan.
Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida “yashil energiya” texnologiyalarini joriy etish orqali sug‘orish tarmoqlaridan suv yetkazib berishda elektr energiyasi iste’molini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Hisobotda keltirilganidek, “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini oshirish yo‘nalishida Toshkent viloyatida 200 MVt, Nishon tumanida 300 MVt va Qorovulbozor tumanida 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyalari, Tomdi tumanida 300 MVt shamol elektr stansiyasi qurib, foydalanishga topshirilgan. Hududlarda umumiy quvvati 962,07 MVt bo‘lgan kichik quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan.
Shu bilan birga, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 225,9 mln. tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan, “yashil bog‘lar” soni 444 taga yetkazilgan. O‘rmonlar maydonini kengaytirish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasida 220 ming gektar maydonda “yashil qoplama”lar himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalariga ustuvorlik berilganini, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini yuqori baholadi. Shu bilan birga, davlat dasturida ijrosi bo‘yicha bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va tegishli javoblar olindi.
Shuningdek, majlisda Davlat dasturining 2024 yil yakunlari ijrosiga oid hisobot yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasining munosabatlari, takliflari eshitildi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng Vazirlar Mahkamasining hisoboti ma’qullanib, tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA