2024 yilda 10 mingta elektromobil ishlab chiqariladi
Munosabat
Kundalik turmushimizni avtomobillarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sababi, avtomobillar uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qiladigan qulay transport sanaladi.
Ammo, keyingi yillarda shahar va qishloqlar qiyofasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar barcha sohalarda bo‘lgani kabi, ushbu sohada ham kechiktirib bo‘lmas islohotlarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, avtomobillar harkatlanishida xavfsizlikni ta’minlash, ekologiyaga bo‘lgan zararini kamaytirish, yo‘l infratuzilmasi, jamoat transporti, elektromobillar xaridini oshirish kabi yo‘nalishlarda qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida bu sanoat tarmoqlari izchil modernizatsiya qilinib, logistikadagi qiyinchiliklarga qaramasdan, so‘nggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish 3 barobar ko‘payib, joriy yil yakunida 415 ming donaga yetishi kutilmoqda. Sohada davlat monopoliyasini yo‘q qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 3 ta yangi xususiy korxona va nufuzli xorijiy brendlar jalb etildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham avtomobilsozlik sohasida raqobat muhitini yaratish va ishlab chiqarish hajmini 1 million donaga yetkazish, shahar va tumanlarni jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olish, yangi avtobuslar sonini 5 mingtaga va elektrobuslar sonini 2 mingtaga yetkazish maqsad qilingan.

Bugun yurtimizdagi 8 ta zavodda o‘nlab turdagi avtomobillar, yuk va yo‘lovchi tashish transportlari, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, bu sohada 2 mingdan ziyod korxona yaxlit kooperatsiya tarmog‘iga bog‘landi va 50 foiz mahalliylashtirish ta’minlandi.
Albatta, bu soha rivoji ham aniq hisob-kitoblar va rejalarni talab qiladi. Sababi, avtomobilsozlik sanoati rivojlangan davlatlar iqtisodiyotining salmoqli qismini tashkil etadi. Shu bois, kelgusida ham ichki ham tashqi bozorda avtozavodlar o‘rtasida raqobat qila oladigan elektromobillar ishlab chiqarish muhim sanaladi.
Joriy yil 14 dekabr kuni davlatimiz rahbari boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda, erishilgan natijalar tahlil qilinib, 2024 yilda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz mamlakatimiz sanoatchilari ham tezroq bu yo‘nalishda yetakchi davlatlar tajribasini o‘zlashtirib, zamon talabiga moslashmasa, kelgusida bozorda o‘rin topishi yanada qiyin bo‘lishini ta’kidlab, “O‘zavtosanoat”ni transformatsiya qilishni jadallashtirish, xarajatlarni kamaytirish lozimligiga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, kelgusi yilda mamlakatimizda elektromobil zavodi ishga tushirilib, 10 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi ma’lum qilindi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, bugun mamlkatimiz avtosanoatida nafaqat yengil avtomobillar ishlab chiqarish, shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi, yuk tashish va jamoat tarnsportiga moslashgan turli xildagi avtomobillar ishlab chiqarish tarmog‘i ham jadal rivojlanib bormoqda.
Birgina qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ida bu yil 3 ming 500 donadan ortiq texnika ishlab chiqarilgan. 2030 yilgacha bu miqdorni yiliga 16 ming donaga yetkazish mo‘ljallangan. Chirchiq shahrida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasteri yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Bu esa, bugun o‘z faoliyatlarini faqatgina dehqonchilikning paxta va g‘alla yetishtirishi bilan cheklamasdan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylanib borayotgan dehqonlarimiz ish faoliyatida yuqori samara va unumdorlikka erishish imkonini beradi. Eng muhimi, har bir yangi ishlab chiqarish tarmoqlari va ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning hayotimizga tatbiq etilishi natijasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Maxfirat XUSHVAQTOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA