19 yoshga to‘lmagan qizlarning “samosud”i tashvishlidir
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi uch nafar turmushga chiqmagan qizlarning o‘zaro janjali aks etgan videolavha keng tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, jamoat joyida karantin qoidalariga amal qilmagan ikki nafar qizlar singlisini ranjitgani uchun uchinchi qizni «samosud» qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holatga qonuniy baho berilgan, albatta. Shuningdek, Farg‘ona viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan tumanda mazkur voqea jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.
19 yoshga to‘lmagan qizlar tomonidan sodir etilgan ayanchli holatga mahalla faollari nega befarq qaradi? Jamoatchilik ta’siri qayerda qoldi?
Farg‘onada bo‘lib o‘tgan gender tenglikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ana shunday salbiy jihatlarning omillari ham tahlil etildi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Saidmurod Aminjonov, viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilnoza Ergasheva, Oliy Majlis Senati a’zosi Enaxon Siddiqovalar mamlakatimizda, shuningdek, viloyatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlarni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.

Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faolligini oshirish orqali ularning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. bugungi kunda viloyatda 3 ming 871 nafar xotin qizlar boshqaruv tizimida faoliyat ko‘rsatmoqda. 55 mingdan ziyod ayollar ishsiz bo‘lib, ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tasdiqlangan hududiy dasturlar doirasida hamda qishloq xo‘jaligi, jamoat ishlarida vaqtincha band qilish hisobiga 51 ming 327 nafarining bandligi ta’minlandi.

Viloyatda 1 ming 52 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushgan xotin-qizlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularni shu vaziyatdan chiqarish maqsadida aniq chora-tadbirlar belgilangan. Uy-joyga muhtoj ayollarning 142 tasiga ajratilgan zamonaviy xonadonlarning boshlang‘ich to‘lovi davlat tomonidan qoplab berildi. Tadbirkorlikning oilaviy va boshqa turlarini yo‘lga qo‘yish istagidagi fuqarolarning biznes loyihalari ijrosi uchun o‘tgan o‘n oy ichida 72 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratildi. Joriy yilning 10 oyi davomida zo‘ravonlikka uchragan 914 nafar ayollarga himoya orderi rasmiylashtirilib berilgan.
Afsuski, xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tiborga qaramasdan ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik kabi salbiy holatlar oshib bormoqda. Xususan, o‘tgan davr mobaynida 723 ta xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatning sodir etilganligi tashvishlanarlidir. Tadbirda ana shu og‘riqli masalalar tahlil etildi.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarning savollariga batafsil javob berildi.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA