16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni
Gulandon Subhonova: O‘zbekiston boy mamlakat. Ammo uning eng katta boyligi – ko‘pmillatli xalqi
Mamlakatimizda 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan “Bag‘rikenglik haftaligi” boshlandi. Bugun Xalqaro press-klubning mazkur haftalik mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” deb nomlangan maxsus sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizdagi Tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandon Subhonova quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Bag‘rikenglik tushunchasi ming yillar oldin paydo bo‘lgan. O‘zbekistonda bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik tushunchasi har bir odamning qon-qoniga singib ketgan. G‘afur G‘ulomning “Sen yetim emassan” qissasi asosida, hayotiy voqea asosida suratga olingan filmda mamlakatimizdagi bag‘rikenglik tushunchasi yaqqol ko‘rsatib berilgan.
Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil, inoq yashaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz taraqqiyoti ko‘p millatli xalqimizning hamjihatligiga bog‘liq ekanini ta’kidlaydi. O‘zbekiston boy mamlakat. Ammo uning eng katta boyligi – ko‘pmillatli xalqi.
Davlatimiz rahbari Prezidentlikka saylangan ilk kunlarda biz qo‘shnilarimiz bilan raqobat emas, hamkorlik qilishimiz kerak, deb ta’kidlagan edi. O‘tgan besh yilda bu borada ulkan qadamlar qo‘yildi. Qo‘shni davlatlar bilan aloqalar har tomonlama mustahkamlandi. O‘zaro do‘stlik aloqalari tufayli qardosh xalqlar bir-biri bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamladi.
O‘zbekistonda bir millionga yaqin tojik millatiga mansub fuqarolar yashaydi. Yurtimizda 255 dan ortiq tojik maktablari bor. Tojik tilida gazeta chiqadi, ko‘rsatuv va radioeshittirishlar bor. Alisher Navoiy har bir o‘zbek xonadoniga qanchalik qadrli bo‘lsa, Abdurahmon Jomiyga bo‘lgan mehr bundan kam emas.
Bundan bir necha yillar oldin qardosh xalqlar o‘rtasidagi bordi-keldi uzilib qolgandi. Siyosiy, iqtisodiy masalalarni qo‘ya turaylik, chegaralar yopiqligi bois yaqin qarindoshlar bir-birini ko‘rolmasdi, oxirgi manzilga ham kuzatolmasdi. Odamlar 20-30 yillab fuqarolik ololmasdi.
Ming shukrki, bu mashaqqatlar ortda qoldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamma muammolarni hal qildi. Qo‘shni davlatlar bilan birorta masala qolmadi. Ayting, Bunday Prezident yana qayerda bor?
Bir ayol tanishim bo‘lardi. U Tojikiston bilan chegaralar ochilganda “endi otam-onamni ko‘ra olaman, ular bemalol uyimga kela oladi”, deb yig‘lagandi. Ha-ha yig‘lagandi, ammo bu xursandchilik ko‘z yoshlari edi...
Hozirgi kunda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida havo, temir yo‘l, avtomobil orqali qatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan tashabbuslar Markaziy Osiyoda muhitni o‘zgartirib yubordi. Buni nafaqat O‘zbekistonning, bugun mintaqaning yutug‘i ekanini har bir o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman biladi.
Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi, O‘zA