15 ming nafarga yaqin fuqaro hujjatli bo‘ldi
Qashqadaryo viloyatida joriy yilning 20-yanvaridan 1-aprel kuniga qadar “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiya davomida 819 ta mahallada o‘tkazilgan xatlovlar natijasida 15 ming 823 nafar hujjatga ega bo‘lmagan shaxs aniqlandi va shundan 14 ming 754 nafar fuqaroga tegishli hujjat rasmiylashtirib berildi.
Xususan, 1 ming 235 ta tug‘ilganlik guvohnomasini yo‘qotganlar, 205 ta o‘lim guvohnomasini yo‘qotganlar, qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelayotganlarga 3 ming 519 ta guvohnoma rasmiylashtirib berildi.

Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 580 ta ID-karta rasmiylashtirilib, 2 ming 723 ta tadbirkorlik subyekti ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Jumladan, Koson tumani adliya bo‘limi, FHDYO bo‘limi va DXM xodimlari bilan birgalikda huquqiy aksiya doirasida tumandagi “Yangiobod” MFY da yashovchi J.Soatovlar oila a’zolarining 5 nafariga tug‘ilganlik guvohnomasi sayyor tartibda topshirildi.

Mirishkorlik Baxtbek 2010-yilda tug‘ilgan. Shu kunga qadar maktabga borolmadi. Sababi tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yo‘q edi. Onasi yolg‘iz boshi bilan bormagan joyi qolmadi. Bola uyda tug‘ilganligi, yashash joyi bo‘lmaganligi sabab ham guvohnoma olisholmagan. Tuman adliya bo‘limi hamda FHDYO xodimlari tomonidan aksiya doirasida huquqiy ko‘mak berilib, 13 yoshli Baxtbek hujjatli bo‘ldi.

Xuddi shunday Kitob tumanidagi “Bog‘bon” MFY Yangi qishlog‘ida yashovchi fuqarolar Alijon Xayrullayev va Munavvar Shukurovaning 23-yildan buyon birga yashab, 6 nafar farzandi borligi, lekin ayrim sabablarga ko‘ra, vaqtida nikohi qonuniy rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi.
FHDYO bo‘limi xodimlari tomonidan fuqarolarning nikohlari qonuniy ravishda rasmiylashtirilib, nikoh guvohnomalari yashash manzillariga yetkazib berildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri