15 kun ichida “Davergeodezkadastr” qoʻmitasining 34 nafar xodimi korrupsiyada ayblandi
Ijtimoiy tarmoqlar orqali “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi raisiga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish imkonini beruvchi telegram bot kanal ishga tushirilgan boʻlib, unga kelib tushayotgan murojaatlar asosida fuqaro va tadbirkorlarning muammolari oʻrganilmoqda, deb xabar qiladi qoʻmita matbuot xizmati.
Xabarda yozilishicha, murojaatlarni oʻrganish jarayonida lavozimini suisteʼmol qilib, vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan, bu sohada xalqqa xizmat qilish emas balki boshqa maqsadda yurgan rahbar va xodimlar yaqqol bilinib qolgan.
Fargʻona viloyatida 5, Namangan viloyatida 11, Jizzax viloyatida 1 hamda Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazining 1 nafar jami 18 nafar rahbar va xodimlar ishida koʻplab kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun lavozimidan ozod etilgan.
Ular orasida kuni kecha Fargʻonada bino va inshootlarga kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 400 AQSH dollari talab qilgan Toshloq tuman yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi mutaxassisi, Oʻzbek davlat yer tuzish-ilmiy loyihalash instituti “Oʻzdaverloyiha” Fargʻona filiali muhandisi ham boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, oxirgi 15 kun ichida “Davergeodezkatadastr” qoʻmitasi tizimidagi 34 nafar rahbar va xodimlar lavozimidan ozod etilgan.