15-dekabr – Xalqaro choy kuni
Dunyoda bayramlar va xalqaro kunlar koʻp. Uch yuzi oltmish besh yoki uch yuzi oltmish olti kunlik taqvimning deyarli har bir kuni dunyoning qaysidir burchagida bayram qilinadi.
600 gramm choyga bir bosh qoʻy berilgan
CHOYNING YoSHI NECHADA?
Jahonning aksar xalqlari sevib isteʼmol qiladigan ichimlik – choyning asosi hisoblangan choy oʻsimligining vatani Janubiy Osiyo hisoblanadi. Uning ikki turi bor: Xitoy choyi va Assom choyi. U tropik mintaqalarda yil boʻyi oʻsadi. Buni qarangki, choy oʻsimligi yuz yil va undan ortiq yashaydi.

Uning barglaridan qora choy, koʻk choy, koʻk va qora taxta choy mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hindiston, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlarda sariq va qizil choy ham tayyorlanadi. Aksariyat oʻzbekistonliklar ayniqsa koʻk choyni xush koʻradilar.
Choyning tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. Miloddan avvalgi IV asrda Xitoyda choy oʻsimligi choy bargi yetishtirish maqsadida ekila boshlangan. Choy ichimligi toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar miloddan avvalgi 2700-yillarga oid qoʻlyozma manbalarda uchraydi.
Choy ichimligining kashf etilishi Xitoyning ikkinchi imperatori Shen Nung nomi bilan bogʻlanadi. Taxminan miloddan avvalgi 2737-yilda imperator qoshida issiq suv toʻldirilgan idishga choy daraxtining bargini tushishi bilan insoniyatga bu neʼmat ham tuhfa etildi. Demak, biz qariyb bundan besh ming oldin Xitoy imperatori ilk bor tatib koʻrgan ichimlikdan har kuni bahra olamiz.

Milodiy 400–600-yillarda Xitoyda choyga shifobaxsh ichimlik sifatida qaralib, unga boʻlgan qiziqish yanada ortdi. Natijada, choyni kultivatsiya qilish jarayoni rivojlandi. Choy IX asrdan boshlab Yaponiya va Koreyada, XIX asrdan Indoneziya, Hindiston, Shri-Lankada ekila boshlandi.
Choy ichimligi Yevropa mamlakatlari ichida dastlab Gollandiyada 1610-yili isteʼmol qilindi. Keyin u angliyaliklarga ham maʼqul tushib qoldi. Rossiyada choy ichimligi 1638-yildan kiborlar doirasida isteʼmol qilina boshlandi. XVIII asrga kelib bu ichimlik ancha ommaviylashdi va rus samovarlarining paydo boʻlishi ham shu davrga toʻgʻri keldi.
BIR OTNING BAHOSI 56 KILOGRAMM CHOYGA TENG

Oʻzbekistonda choy ichish qachondan boshlab urf boʻlgani haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Ayrim manbalarga koʻra Turkiston shaharlarida hind savdogarlari choy savdosi bilan shugʻullanganlar. Demak, uning hozirgi Oʻzbekiston hududidagi tarixini hech ikkilanmay ming yillarga bogʻlash mumkin.
Mutaxassis olimlarning taʼkidlashicha, VII–IX asrlarda Xitoy bilan boʻlgan savdoda choy asosiy oʻrinda turgan. Choy bahosida har bir otning bahosi 56 kg oliy navli choyga teng boʻlgan. Bir necha “jin” (600 gramm) choyga bir bosh qoʻy almashtirilgan.
XX asr boshlarida hind savdogarlari Samarqandda choy qadoqlash korxonasini tashkil etishgan. 1913-yilda Oʻrta Osiyoga chetdan 720 ming pud (11 ming 794 tonna) choy keltirilgan. Ushbu choyning 75 foizini koʻk choy tashkil etgan. Keltirilgan choyning 240 ming pudi Turkiston oʻlkasida, 150 ming pudi Buxoro amirligida, 40 ming pudi esa Xiva xonligida sotilgan.

1923-yilda Oʻrta Osiyoda yagona va chetdan keltiriladigan xomashyoda ishlaydigan Samarqand choy qadoqlash fabrikasi ishga tushirildi. U paytda choy 200 grammli qilib qoʻlda qadoqlangan. Bu yerda 1950–1960-yillarda yiliga 12–15 ming tonna choy ishlab chiqarilgan boʻlsa, 1970–1980-yillarda qoʻshimcha zamonaviy choy qadoqlash uskunalari oʻrnatilib, yillik choy ishlab chiqarish quvvati 28–30 ming tonnaga yetkazildi.
BU YIL CHOY BAYRAMI OʻN BESHINCHI MARTA NISHONLANADI
Har yili 15-dekabr Xalqaro choy kuni sifatida qarshi olinadi. Mazkur xalqaro kun rasmiy maqomga ega boʻlmasa-da, uni nishonlovchilar talaygina. Bu bayram ishlanadigan kun sifatida oʻzi bilan dam olish kunini olib kelmasa ham, uni bayram qiluvchilarga koʻtarinki kayfiyat tuhfa etadi.

Xalqaro choy kunining taʼsis etilganiga hali uncha koʻp boʻlgani yoʻq. Biroq “Choy kuni”ni nishonlash gʻoyasi ancha yillar davomida kishilar xayolida yurdi. 2004-yilda Mumbay (Hindiston)da hamda 2005-yilda Port-Alegre (Braziliya)da Xalqaro ijtimoiy forumlar davomida bu kunni belgilash masalasiga bagʻishlangan muhokamalar tashkil qilindi. Xalqaro tashkilotlar va kasaba uyushmalari fikri asosida 15-dekabr – “Xalqaro choy kuni” deb atala boshlandi.
Xalqaro choy kunini oʻtkazishdan asosiy maqsad – jamoatchilik va siyosiy doiralar eʼtiborini choy savdosi muammolari, choy ishlab chiqarish sohasidagi ishchilar ahvoli, yirik korporatsiyalar bilan kurash jarayonida kichik ishlab chiqaruvchilarda yuzaga keluvchi muammolarga qaratish, shuningdek, mazkur ichimlikni dunyo boʻylab ommalashtirishdan iboratdir.
Aftidan, mazkur bayramning maqsadlari ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga molik vazifalarni oʻziga jo aylagani uchun ham ushbu bayram sanasi aynan 15-dekabr etib belgilangan. Basharti 1773-yil 16-dekabrda Angliya tomonidan choyga soliq solinganiga norozilik sifatida bostonliklar Amerika bortida turgan uchta ingliz kemasidagi choy oʻramlarini kemadan suvga uloqtirgan edilar. Bu voqea “Boston choyxoʻrligi” nomini olgandi.

Bugungi kunda Xalqaro choy kuni Hindiston va Shri-Lankada keng miqyosda nishonlanadi. Choy ishlab chiqarishda dunyoning etakchi davlatlari maqomini saqlab kelayotgan Bangladesh, Nepal, Xitoy, Vetnam, Hindiston, Keniya, Malayziya, Uganda va Tanzaniya kabi davlatlarda ham bu kun tantana qilinadi.