146,5 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish aniqlandi
Energiya resurslari – mamlakat iqtisodiyotining strategik boyligi, har bir xonadon va korxonaning barqaror faoliyati uchun muhim omil hisoblanadi. Shu bois tabiiy gaz va elektr energiyasidan oqilona foydalanish, ularni talon-toroj qilish yoki noqonuniy iste’mol qilish holatlariga qarshi murosasiz kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan energetika sohasida hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlash, resurslarni tejash, zamonaviy hisobga olish tizimlarini joriy etish hamda qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday chora-tadbirlar doirasida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati Shofirkon tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida yana bir qonunbuzilish holati fosh etildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, “P.N.” MCHJ rahbari A.Sh. Shofirkon tumanining “Quchoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan, vizual aniqlash imkoni bo‘lmaydigan yashirin usulda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib olgani ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur noqonuniy harakatlar oqibatida 146,5 million so‘mlik tabiiy gaz qonunga zid ravishda iste’mol qilingan. Bu esa nafaqat davlat manfaatlariga katta iqtisodiy zarar yetkazadi, balki energiya ta’minoti tizimining barqaror ishlashiga, halol to‘lov qilayotgan iste’molchilarning manfaatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan holatning barcha jihatlarini har tomonlama o‘rganishga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Energiya resurslarini noqonuniy o‘zlashtirishga qarshi kurash bugungi kunda davlat siyosatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz tomonidan sohada intizomni mustahkamlash, raqamli nazorat tizimlarini keng joriy etish, energiya tejamkorligini oshirish va har bir kub metr tabiiy gazning hisobini aniq yuritish bo‘yicha berilgan topshiriqlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu esa qonunbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga nisbatan qat’iy huquqiy choralar ko‘rish imkonini kengaytirmoqda.
Har bir fuqaro va tadbirkor energiya resurslari umumxalq boyligi ekanini unutmasligi lozim. Ulardan noqonuniy foydalanish qisqa muddatli manfaat keltirgandek tuyulishi mumkin, ammo uning oqibati jinoiy javobgarlik, katta iqtisodiy zarar va jamiyat manfaatlariga putur yetkazish bilan yakunlanadi. Qonunga hurmat, halol faoliyat va resurslarga ehtiyotkorona munosabat esa mamlakatimiz taraqqiyoti va energetika xavfsizligining eng muhim kafolatidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri