14 iyun — Butunjahon donorlar kuni
Donor “hadya beruvchi” degan ma’noni anglatadi. Donorlik qilish savobli va xayrli ish, insonlar orasida o‘zaro mehr-oqibat va insoniylik tuyg‘ularining keng quloch yoyishiga zamin bo‘luvchi harakatdir.
2005 yil may oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro Assambleyasida dunyo davlatlari sog‘liqni saqlash vazirlari beg‘araz qon donorligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagan. Shundan buyon 14 iyun — Butunjahon donorlar kuni sifatida keng nishonlab kelinadi.
Donorlik ko‘magi tufayli qon topshirgan har bir inson kimgadir umr bag‘ishlaydi, kimningdir sog‘lig‘ini tiklashga, hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shadi. Xasta bemor va uning yaqinlari hayotiga nur va quvonch olib kiradi. Shunday ekan, mazkur xayrli ishda qatnashish sharaf va yuksak savob, insonparvarlik, insoniylik namunasidir.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, qon donori 18 yoshdan yuqori, vazni 50 kgdan ortiq bo‘lishi, surunkali kasalliklardan xoli, sog‘lom inson bo‘lishi kerak. Shuningdek, ayol donorlarda qon gemoglobin miqdori 120 g/l, erkaklarda esa 128-130 g/l dan baland bo‘lishi talab etiladi. Bitta donordan olinadigan 350-400 mg qon ikki nafar bemorning hayotini saqlab qolishi mumkin.
Yurtimizda ham donorlik harakatini ommalashtirish, aholi o‘rtasida beg‘araz yordam muhitini kuchaytirish, donorlik madaniyatini shakllantirish, qon zaxirasini to‘ldirishga alohida e’tibor qaratilib, bu bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, milliy qonunchiligimizda donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirildi. “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni ta’sis etilib, mukofot bilan taqdirlangan shaxslarga ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda mehnat ta’tiliga chiqish, shahar jamoat transportining barcha turlaridan bepul foydalanish, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish imkoniyati yaratildi.
Donorlik sohasidagi har bir harakat inson hayoti va salomatligini asrashga qaratilgan insoniylik harakatidir. Shunday ekan, donorlik qila olishi mumkin bo‘lgan inson o‘zgalar salomatligi yo‘lida hissa qo‘shishga harakat qilsa, jamiyatda donorlik madaniyati yanada yuksaladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA