12 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositasi aeroportda ushlandi
Bojxona qo‘mitasi tizimiga kiruvchi «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda poytaxt xalqaro aeroporti orqali mamlakatimizga yirik miqdorda giyohvandlik vositalarini olib kirishga qaratilgan ikki holatga chek qo‘ydi.
Dastlabki holat Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona postida aniqlandi. Bangkokdan uchib kelgan va bojxona nazoratining «yashil» yo‘lagini tanlagan 44 yoshli yo‘lovchi shubha asosida batafsil tekshirildi. Bojxona ko‘rigi davomida uning bagajida 4 kilogramm 800 grammdan ziyod «marixuana» giyohvandlik vositasi yashirilgani ma’lum bo‘ldi.
Ikkinchi holatda esa Pxuketdan uchib kelgan 19 yoshli qo‘shni davlat fuqarosining yuklari tekshirildi. Bojxonachilar e’tiborini tortgan quruq sut mahsuloti sifatida qadoqlangan o‘nta o‘ram maxsus laboratoriya ekspertizasiga yuborildi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur qadoqlarda quruq sut emas, balki 7 kilogramm 180 gramm «mefederon» sintetik giyohvandlik vositasi mavjudligi tasdiqlandi. Tergovga qadar tekshiruvlarda aniqlanishicha, ushbu shaxs noma’lum shaxs bilan Telegram orqali bog‘lanib, giyohvandlik vositasini 1000 AQSH dollari evaziga Toshkent shahriga yetkazib berishga rozi bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda aniqlagan 403 ta holat bo‘yicha qariyb 1 tonna 760 kilogramm giyohvandlik vositalarining mamlakat hududiga noqonuniy olib kirilishi va ichki muomalaga chiqarilishiga chek qo‘yilgan. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA