119 nafar nomzod “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendianti bo‘ldi
Yurtimizdagi iqtidorli va istiqbolli yoshlarimiz hamda soha mutaxassislarining “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti sifatida xorijdagi rivojlangan davlatlarning ta’lim muassasalari va ilg‘or kompaniyalarida ta’lim olishi va stajirovka o‘tashi tashkil etib kelinmoqda. 2018-2023 yillar mobaynida jami 1781 nafar yosh jamg‘arma tomonidan xorijga yuborildi.
Stipendiantlar dunyoning jami 40 ga yaqin davlatlarida, ilg‘or mamlakatlarning 240 dan ziyod universitetlari, ilmiy markazlari va nufuzli kompaniyalarida ta’lim olib, bugungi kunda 1050 nafari mamlakatimizga qaytib kelib, turli sohalarda samarali faoliyat olib bormoqda.
Mazkur ishlarning uzviy davomi sifatida Jamg‘arma Vasiylik kengashining 2023 yil 29 dekabrdagi 11-son qaroriga asosan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ilg‘or xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olish uchun 345 o‘ringa mo‘ljallangan 2023 yilgi 2-ochiq stipendiya tanlovi 10 oktyabrdan e’lon qilingan.
[gallery-15484]
2023 yil 2-ochiq stipendiya tanlovida 22 ta bakalavriat,193 ta magistratura va 130 ta doktorantura bosqichiga, jami 345 ta xorijiy davlatlarda ta’lim olish uchun kvota ajratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi tegishli farmoniga muvofiq, xotin-qizlarning xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi uchun 9 ta bakalavriat va 40 ta magistratura bosqichi, jami 49 ta qo‘shimcha o‘rin yaratildi.
Jamg‘armaning 2023 yil 2-ochiq stipendiya tanlovida qatnashish istagida bo‘lgan mamlakatimizning barcha hududlaridan hamda xorijda ta’lim olayotgan nomzodlardan yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda 2045 ta hujjat qabul qilindi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining 2023 yildagi 345 o‘ringa mo‘ljallangan 2-ochiq stipendiya tanlovi natijalariga ko‘ra, test hamda suhbat asosidagi sinovlardan o‘tgan 119 nafar nomzod “Jamg‘arma stipendianti” deb e’tirof etildi.
Bugungi kunda Jamg‘arma tomonidan ularni xorijda ta’lim olish uchun yuborish choralari ko‘rilmoqda.
N.Rahmonova, N.Haydarov (foto), O‘zA