11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni
Maqsadlarga birgalikda erishamiz
Yurtimizda “Inson qadri uchun!” tamoyili asosida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasidagi ishlarda kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqda. Ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish, tibbiy-huquqiy yordam ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlashdek maqsadlarni ko‘zlagan tashkilot faoliyati keyingi yillarda ancha takomillashdi, ishlar ko‘lami kengaydi.
Eng avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy masalalarda Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitalari, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorligi kuchaydi. Kasaba uyushmalari mehnatkashlarning hamda ularning oila a’zolarini bosh kelishuv, tarmoqlar miqyosida qabul qilinadigan tarmoq va ta’rif kelishuvlari, viloyat miqyosida tuziladigan uch tomonlama kelishuv hamda korxona, tashkilot va muassasalarda ish beruvchilar va kasaba uyushma tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan jamoa shartnomalari orqali himoya qiladi. Shuningdek, kasaba uyushmasi aralashuvi bilan ish beruvchilar tomonidan ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratish, ularning dam olishini tashkil etish, bayram tadbirlari hamda sayohatlar uyushtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan viloyat bandlik boshqarmasi hamda uning tuman, shahar bo‘limlari bilan hamkorlikda joylarda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etilib, bu tadbirlarga ishsiz fuqarolar jalb etildi. Korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan yaratilgan kvota va bo‘sh ish o‘rinlari, bu joylarga ishsiz fuqarolarning qabul qilinishi monitoring qilib borilmoqda. Shuningdek, xodimlar mehnat muhofazasiga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Baxtsiz hodisalarning oldini olish borasida ish beruvchilarga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha jamoatchilik nazorati olib borilmoqda. Bu kabi tadbirlar jarayonida 25 ta korxonaga amaliy yordam ko‘rsatildi. Har yilgi an’anaga ko‘ra, 28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan korxona va tashkilotlarda uchrashuvlar tashkil etilib, mehnatni muhofaza qilishda ish beruvchilar, xodimlarning huquq va majburiyatlari, bunda kasaba uyushmalarining tutgan o‘rni tushuntirildi.
Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida viloyatimizdagi tashkilot va muassasalarda jamoa shartnomalarning bajarilishi va yangi jamoa shartnomalarini qabul qilish yuzasidan yig‘ilishlar, uchrashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda. Savdo-sanoat palatasi, viloyat hokimligi va viloyat kasaba uyushmalari kengashi tomonidan tuzilgan kelishuvning muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan milliy monitoring tashkil etildi. Kasaba uyushmalari faoliyatining yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy ishlar boshlang‘ich tashkilotlarda amalga oshirilishi inobatga olinib, ularning moliyaviy imkoniyatlarini kuchaytirishga qaratilgan choralarni belgilab olish, boshlang‘ich tashkilotlarga e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida, yig‘ilayotgan a’zolik badallarining asosiy qismi, ya’ni 60-70 foizi ularning ixtiyorida qoldirilmoqda. Keyingi paytda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan turli sohalar vakillari uchun tanlovlar o‘tkazish an’anaga aylandi.
Xususan, “Ayollar daftari” tizimi bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli ishlarda barchaga o‘rnak bo‘layotgan, ayollarning muammo va murojaatlari hal etilishiga salmoqli hissa qo‘shayotgan mas’ul xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida tanlov e’lon qilingan. Unda “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng namunali ish beruvchi ayol”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” va “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi” yo‘nalishlari bo‘yicha faollar rag‘batlantirilmoqda. Viloyatimizdan ham ushbu tanlovda faol qatnashib, respublika miqyosida e’tirof etilayotgan vakillarimiz borligi quvonarlidir.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun kasaba uyushmalari jamiyatda inson qadrini ulug‘lash, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida faol ish olib bormoqda, mehnat munosabatlarida barqarorlikka erishish yo‘lida izlanmoqda. Bu maqsadlarga erishishda esa barchamiz hamjihat bo‘lsak, har birimiz o‘z joyimizda astoydil mehnat qilsak, albatta, xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
Suhrob Rafiqov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqand viloyat kengashi raisi
O‘zA.