101 yoshli onaxonga davlat mukofoti topshirildi
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida istiqomat qiluvchi 101 yoshli Oyista Nutfulloyeva mustaqilligimizning 33 yillik bayrami arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Onaxonga yuksak mukofotni viloyat hokimi Normat Tursunov topshirdi.
O.Nutfulloyeva 1940 yildan 1973 yilgacha sobiq “Madaniyat” jamoa xo‘jaligida mehnat qilgan. Ayni paytda nafaqadagi onaxon 21 nevara, 48 evara va 7 chevara ardog‘ida yashab kelmoqda.

1923 yilda tavallud topgan tabarruk onaxon o‘tgan asrning eng murakkab davrlarida, Ikkinchi jahon urushi paytidagi qahatchilik yillarida mehnat qilgan.

Bugungi kunda onaxon mahalladoshlar, yoshlar va xotin-qizlarga katta va boy hayotiy tajribasini o‘rgatib kelmoqda. U mahalladagi oilalarning tinch-totuvligini ta’minlashga hissa qo‘shib, ota-onalarga farzandlar tarbiyasi yuzasidan o‘zining qimmatli maslahatlarini berib kelmoqda.

Taqdirlash marosimida onaxon tinch va dorilomon kunlarimizga shukronalik keltirib, duoga qo‘l ochdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri