1 sentyabrdan “E-auksion” elektron savdo platformasida nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 iyuldagi “Elektron onlayn-auksionni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5197-sonli qaroriga asosan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab “E-auksion” elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionlarni o‘tkazish tartibida qator o‘zgarishlar amalga tatbiq etiladi.
Bu haqda “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” PR-xizmati xabar berdi. Unga ko‘ra:
- ishtirokchilarga, shu jumladan chet el fuqarolariga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati masofadan turib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan bepul taqdim qilinadi;
- jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ob’ektlarni auksionga chiqarish uchun to‘lanadigan yig‘im bekor qilinadi;
- auksion o‘tkazish to‘g‘risidagi xabar u o‘tkaziladigan kundan 30 kun oldin e’lon qilinadi;
- auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan paytdan boshlab auksion jarayoni yakuniga qadar ishtirokchilarga ob’ektni sotib olish bo‘yicha auksion qadamiga bog‘lanmagan o‘z narx taklifini kiritish huquqi beriladi;
- sotilgan ob’ektning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravarigacha bo‘lganda, to‘lovlarni 10 ish kuni, besh ming baravariga teng yoki undan ortiq bo‘lganda to‘lovlarni 15 ish kuni mobaynida to‘lash imkoniyati yaratiladi. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno ekani Qarorda qayd etilgan.
- auksion g‘olibi to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortgan taqdirda, g‘olib hamda uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sischilari hisoblangan shaxslar nohalol ishtirokchi sifatida elektron savdo platformasidagi auksionlardan chetlatiladi. Bunda, to‘lovlarni to‘lamaslik holati birinchi marta sodir etilganda bir yil muddatga, ikkinchi marta takrorlansa muddatsiz davrga auksionlardan chetlatiladi;
- auksionga chiqarilgan ob’ektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.
Elektron savdolarni o‘tkazishning yangi tartibi platformani soddalashtirish, ishtirokchilarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joriy etilmoqda.
Ma’lumot uchun, istalgan ishtirokchi auksion ob’ekti uchun kelib tushgan arizalar sonini hamda o‘tkazilayotgan auksion jarayonini platformadan ro‘yxatdan o‘tmasdan ko‘rishi imkoniyati yaratildi.
O‘zA