1-bosqichga tavsiya etilganlar talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha ariza topshirishi mumkin
Oliy ta’lim muassasasiga qabul jarayoni yakunlanib, yangi o‘quv yili yaqinlashgan sari talabalar va ularning ota-onalarini yana bir savol o‘ylantira boshlaydi: talaba qayerda yashaydi?
Ayniqsa, boshqa viloyat yoki tumandan Toshkentga o‘qish uchun keladigan yoshlar uchun talabalar turar joyi masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Yotoqxonada joy olish uchun kimlar ustuvor hisoblanadi, ariza qanday topshiriladi va joylar qanday tartibda taqsimlanadi — bu savollar har yili minglab talabalarni qiziqtiradi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2026–2027 o‘quv yilida OTMning 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha ariza topshirish xizmati ishga tushirildi.
Arizalar 18-avgustdan Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, mavjud tartibga asosan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar, ijtimoiy reyestr, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bo‘yicha ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar, ayrim respublika va xalqaro olimpiada, tanlov va intellektual musobaqa g‘oliblari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa toifalarga kiruvchi talabalar yotoqxonaga imtiyozli tartibda joylashish huquqiga ega.
Ushbu ma’lumotlarning aksariyati davlat axborot tizimlari orqali avtomatik tekshiriladi. Tizimda ma’lumot topilmasa, tasdiqlovchi hujjat talab etilishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA