1 APRELDAN AYRIM TO‘LOVLAR FAQAT NAQDSIZ SHAKLDA AMALGA OSHIRILADI
SQB qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?
Markaziy bank tomonidan joriy yil 27-mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2026-yil 1-apreldan boshlab ayrim to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish tartibi joriy etilishi ma’lum qilindi.
Mazkur tartib Prezidentimizning 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, mamlakatimizda ayrim turdagi to‘lovlar endi faqat bank kartasi yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Yangi tartib, ayniqsa, ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdisida muhim o‘zgarishlarni nazarda tutadi. Endi bunday bitimlarda hisob-kitoblar bank orqali, maxsus eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshiriladi.
– Ushbu tartibni amaliyotga joriy etish maqsadida bankimiz tomonidan qator tashkiliy va amaliy ishlar amalga oshirildi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi o‘rinbosari Shuhrat Yakubov. – Xususan, ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdisida hisob-kitoblarni xavfsiz amalga oshirish uchun eskrou hisobvarag‘i mexanizmi joriy etildi. Bankning dasturiy tizimlari moslashtirilmoqda, notariuslar bilan elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, bank filiallari va mas’ul xodimlar tomonidan mijozlarga uzluksiz xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tegishli tayyorgarlik ishlari olib borildi.
Eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblarda pul mablag‘lari bitim notarial tartibda tasdiqlangunga qadar ushbu hisobvaraqda saqlanadi. Notarius shartnomani tasdiqlaganidan keyin pul sotuvchiga o‘tkaziladi, agar bitim amalga oshmasa, mablag‘ xaridorga qaytariladi. Bu esa har ikki tomon uchun xavfsizlikni ta’minlaydi.
Shuningdek, uzoq hududlarda joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish stansiyalarida naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bank tomonidan tayyor debet kartalar joriy etildi. Mazkur kartalarni “SQB Mobile” ilovasi orqali buyurtma qilish mumkin bo‘lib, bu chekka hududlarda ham naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Umuman olganda, yangi tartib hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlash, xavfsizlikni oshirish va aholi uchun yanada qulay to‘lov tizimini yaratishga xizmat qiladi.
O‘zA